Korrespondent mehmoni: Sitora Alimjanova

1
1624
marta oʻqilgan


“Korrespondent mehmoni” loyihasining bugungi mehmoni o‘zbek kinosining sevimli aktrisasi, yoqimtoy va oqko‘ngil, kuchli va mustaqil fe’l-atvorga ega bo‘lgan Sitora Alimjanova.

Sitora Alimjanova haqida qisqacha ma’lumot:

  • Tug‘ilgan sanasi: 01.12.1992-yil.
  • Tug‘ilgan joyi: Farg‘ona shahri
  • Burji: O‘qotar
  • Bo‘yi: 1,62 m
  • Vazni: 43 kg.
  • Sevimli rangi: Qizil
  • Sevimli taomi: palov
  • Sevimli raqami: 7
  • Sevimli filmi: “O‘tkinchi dunyo”(Hindiston)
  • Sevimli asari: Teodor Drayzerning “Baxti qaro Kerri” asari
  • Sevimli musiqiy guruhi: ViaGra, Serebro
  • Mashinasi: Qizil Spark
  • Telefonining modeli: iPhone 6

– Bolaligingizdagi eng yorqin xotiralaringiz haqida gapirib bering.
– Farg‘ona shahrida tug‘ilganman. Eng yorqin xotira…(biroz o‘ylanib) Oyijonim lagerda ishlar edilar. Meni ham ko‘pincha o‘zlari bilan olib borardilar. Lagerdagi otryadda Seryoja degan bola bo‘lardi. Uni yoqtirib qolganman. Ko‘rsam boshqacha bo‘lardim. O‘zi o‘ta ta’sirchanman(kulib). Bir kuni oyog‘im singanda yonimga kelib “Chto s toboy?” deb mehribonchilik qilgan. Rosa xursand bo‘lganman o‘shanda…

-Sizni Muyassar Berdiqulova, ba’zilar hatto Gulchehra Nosirovaning ham qizi deyishadi. Oyingiz haqida gapirib bersangiz.
-Kinoda Muyassar Berdiqulova bilan ko‘pincha rol o‘ynaganim uchun shunday o‘ylashadi. Aslida oyijonimning san’atga umuman aloqalari yo‘q. Ularning kasbi shifokor edi. O‘n besh yoshga to‘lganimda dunyodan o‘tganlar (xo‘rsinib).

-Juda yosh bo‘lgan ekansiz. Bu holatdan qanday chiqgansiz? Demak, kuchli insonsiz…
– Kuchli bo‘lganim uchun ham bugun yutuqlarga erishdim. Men tabiatan optimistman. G‘am-qayg‘uda yurishdan nima foyda axir!

– Qayerda tahsil olgansiz?
– Farg‘ona San’at kollejining balet yo‘nalishida o‘qiganman. Hozirgi paytda O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetining ingliz tili yo‘nalishida ta’lim olaman.

– Til o‘rganishingizning asosiy sababi nimada? Xorij kinosida rol o‘ynamoqchimisiz?
– Bu mening katta orzularimdan biri. Tilni yaxshi o‘rganib, Gollivudda Joni Depp, Bollivudda Shohruhhon bilan birgalikda rol ijro etish.

– Agar sizni xorij kinosiga taklif etishsa, chet davlatda doimiy yashashingiz mumkinmi?
– Ma’lum muddat rol o‘ynash paytida yashashim mumkin. Lekin har doim yasholmayman. O‘z yurtimda o‘zimni xotirjam his qilaman.

– Kumiringiz bormi?
– Kumir demayman-u, menga juda yoqadigan aktrisalar bor. Selena Gomes va Priti Zinta.

– Ko‘pchilik sizni Priti Zintaga o‘xshatadi. Bunga qanday qaraysiz?
– Ko‘pchilik shunday deydi. Gapirishgani sari o‘xshab ketaverarkansiz. Lekin men unga taqlid qilmayman.

– Aktrisada bo‘lishi shart bo‘lgan xislat?
– O‘zligicha ko‘rinishdan uyalmaslik. Masalan meni har qanday rakursdan suratga olishsayam uyalmayman. Qanday bo‘lsam shundayligimcha yaxshi ko‘rishlarini xohlayman. O‘zimni dunyoim bor va shu ramkadan chiqmayman.

– Sitora, melodramalarda yaxshi rol ijro etasiz. Yana boshqa qaysi janrda rol o‘ynashni istaysiz?
– Ekshnda (Action)

– Nega bizda bu janrdagi filmlar suratga olinmaydi?
– Bu moliyaviy masalaga borib taqaladi. Prodyuserlarimizning bir aybi bor. Ular pul tikkan filmim foyda olib kelarmikin deb o‘ylashadi. Agar foyda uchun emas, kino uchun pul tikilsa, bunday janrdagi ajoyib filmlar suratga olish mumkin.

– Aktyorlar orasida do‘stingiz?
– Ali Otajonov va Sherzod Bin

-Aktrisalar orasida dugonangiz bormi?
– Hamma aktrisa bilan yaxshi munosabatdaman. Lekin ular orasida sirdosh dugonam yo‘q. Ko‘proq Shahzoda Muhammedova, Muqaddas Sadullayeva bilan ko‘rishib turamiz.

– Hayotda nimadan ko‘proq qo‘rqasiz?
– E’tibordan qolishdan va yolg‘iz qolishdan qo‘rqaman.

– Hayotda nimalarni ko‘proq qadrlaysiz?
– (Uzoq o‘ylab) O‘zimni. O‘zingizni yaxshi ko‘rsangiz atrofingizdagilar ham sizni yaxshi ko‘radi. Shuning uchun o‘zgarishlarni o‘zimizdan boshlashimiz kerak.

– Birdan o‘ngacha bo‘lgan shkala asosida husningizni qanday baholaysiz?
– 7 bo‘lsa kerak

– O‘zingizda kompleks his qilasizmi?
– Ha. Ko‘pincha bo‘yimdan kompleks qilaman.

– Dilingizni o‘g‘ritish osonmi? Kechirimlimisiz? Dilozorlarni tez unutasizmi yoki eslab qolasizmi?
– Eslab yurmayman. Lekin o‘xshash voqealar bo‘lsa esimga tushib, jahlim chiqib ketadi.

-Sirlaringizni kim bilan bo‘lishasiz?
-Opalarim bilan. Yaqinlarim – hayotimdagi eng aziz insonlarim.

-Shioringiz
-O‘zingni ishongandek ko‘rsat, lekin ishonma.(kuladi) Lekin shunaqa deymanu, baribir ishonib qolaman.

-Zamonaviy ayollar uchun nima ko‘proq muhim? Faqat oila yoki faqat karyerani tanlagan ayollarga munosabatingiz? 
-Ikkisi ham kerakli. Karyerani tashlash kerak emas. Chunki ayol kishi erkak kishiga mutlaqo qaram bo‘lmasligi kerak. Ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Agar aynan shu inson bilan yashab keta olmasa, keyin o‘ziga qiyin bo‘ladi. Shuning uchun kelishib turmush qurish kerak.

-Sizni sevib, uylanmoqchi bo‘lgan lekin ishingizni tashlashni so‘raganlar bo‘ldimi?
-Bo‘ldi. Lekin chindan yaxshi ko‘rsa, qanday bo‘lsa, shundayligimcha qabul qilar edi. Demak taqdir emas ekan.

– O’zingizni uch so’z bilan ta’riflang
– Quvnoq, ta’sirchan, ishonuvchan.

– Kamchiligingiz?
Ishonuvchanligim. Ko‘pincha shu kamchiligim tufayli pand yeganman. Oldin juda ishonuvchan edim. Lekin bir dugonam xiyonat qilgach, hammaga ham ishonavermaslik kerakligini angladim.

– Tasavvur qiling, sizda Garri Potterni ko‘rinmas yopinchig‘i bor. Nima qilgan bo‘lardingiz?
– O‘zimga qiziq insonlarni oldiga borib men haqimdagi fikrlarini bilib olardim.

– Muhim qarorlar qabul qilishda nimaga suyanasiz?
– Opalarimga

– Sizning orzuingizdagi ideal sevgi izhori?
– Noodatiy, dengiz bo‘yidagi romantik holatdagi sevgi izhori

– Bo‘lajak turmushda siz uchun moddiy barqarorlik muhimmi?
– Albatta. Yigit kishi o‘ta harakatchan bo‘lishi kerak. Harakat bor joyda baraka bo‘ladi. Masalan men qiz bola bo‘lsam ham harakat qilyapman. U mendan 10 baravar ko‘proq intiluvchan bo‘lishi kerak. Lekin hozir negadir qizlar ko‘proq harakatchan.

-Darvoqe, “Bagozza” butigi, “Jaguar” go‘zallik saloni sizga tegishlimi?
–Ha. Biznesga ham qiziqaman. Bir dugonam bilan birga “Bagozza” butigini qayta ochish g‘oyasi kelib chiqdi.

– Qanday insonga turmushga chiqishni istaysiz? Bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘ingizda bo‘lishi kerak bo‘lgan xislatlar. Qaysi kasb egasi bo‘lishini istaysiz?
– O‘ziga ishongan, hayotda yo‘lini topgan, e’tiborli, vafodor bo‘lsin. Kasbi futbolist yoki biznesmen bo‘lsa deyman.

-Agar bitta noodatiy qobiliyatingiz bo‘lishi mumkin bo‘lsa, nimani tanlaysiz?
-Ko‘rinmas bolib qolishni.

– Tasavvur qiling, sizda jahonning eng mashhur va obro‘li ayoli bilan nonushta qilish imkoni bor. U qaysi ayol bo‘lishi mumkin?
– Andjelina Joli.

– Har qanday sayohatga albatta olib boradigan uch buyumingiz?
– Kosmetichkam, telefonim, chemodanim(kulib)

– Sizga yuqoridagilardan eng ko‘p yoqgan savol?
– Noodatiy qobiliyat haqidagi savol juda yoqdi.

Sitora Alimjanova bilan suhbat paytida uning juda yoqimtoy, samimiy, oqko‘ngil, mulohazali, uddaburon, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, dadil harakat qiladigan shaxsligiga amin bo‘ldim.

“Korrespondent mehmoni” loyihasining navbatdagi mexmoni kim bo‘lishini istaysiz? Izohlaringizni saytimizda yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda qoldiring!

Gavhar Sagdullayeva suhbatlashdi.

1 izoh

Comments are closed.