Siz “Sevgi iztirobi” serialini ko‘ryapsizmi? Dublyaj artistlari bilan intervyu

0

Biri – Dengiz, Biri – Olov, Biri – Shamol
KAMOL, AMIR, NIHON…

Har uchovining o‘z haqiqati bor… Biri dengiz misol sevadi, biri otash oshiq, biri esa shamollar og‘ushiga orzularini bog‘lagan malak. Bir-birini inkor etuvchi, ammo bir-birisiz yasholmaydigan unsurlar. Dengizning baland to‘lqinlanishi, olovning alangalanishi uchun ham shamol kerak. Shamolning o‘zi esa tizginsiz…
To‘g‘rilik va Jasorat… Har ikkisining tanlagan hayot yo‘li… lek, ularning kesishgan chorrahalari SEVGI iztiroblari…
AQL va YURAK orasida ovvora OShIQLAR…

Sentabr oyidan “Zo’rTV” telekanalida turk kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan eng reytinggi baland “Kara Sevda” nomli serial “Sevgi iztirobi” nomi bilan o‘zbek tilida efir yuzini ko‘rmoqda. Tarjima asarning ikkichi umri. Serial mahoratli tarjimon Oybek Veysal o‘g‘li tomonidan o‘zbek tiliga o‘girildi. O‘zga millat tilidagi serialni tomoshabiniga yaqinlashtiradigan ham aslida tarjimon sanaladi. O‘zbek va turk tillari o‘rtasida ko‘pgina mushtaraliklar bo‘lganligi bois, tarjimon muomalada kam qo‘llaniladigan so‘zlar, ya’ni, ularning muqobillaridan foydalangan. Masalan, “Sevib qoldim…” – “Oshiq bo‘ldim”, “Xush kelibsiz!” – Xush keldingiz!…” kabi so‘z birikmalarida muqobillar qo‘llanilgan. Shuningdek, o‘zbek tomoshabiniga turk madaniyati, turk xarakteri ham yaqin.

TARJIMON OYBEK VEYSAL O‘G‘LI (San‘atshunoslik fanlari nomzodi):

 | 288x300 (10 kb)=

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng xorij filmlari tarjimalari boshlandi. Chunki har bitta mamlakat o‘zining Davlat tilida filmlar yoki boshqa bir ekran mahsulotlarini ko‘rsatishga haqli va bu to‘g‘ri tadbir.

Mustaqillikning dastlabki yillari, 1995-yili televideniyega kelgan bo‘lsam, birinchi turk filmlari tarjimalari bo‘yicha taklif olganman. O‘zim ham asli turk millatiga mansubligim bois, birinchi tarjimalarni menga ishonib topshirishgan. Bu sohada faoliyatimga 20 yildan oshibdi. Tarjimalarim ham asosan, turk tilidan.

O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan oxirgi 10 yildagi barcha “Turk kinosi haftaligi” doirasidagi filmlar tarjimalarida ham bevosita ishtirok etganman.

Oxirgi yillarda ekranlarda turk seriallari borasida biroz tanaffus kuzatilgandi. Tanaffusdan so‘ng, ilk bora “Sevgi iztirobi” nomi bilan “Kara Sevda”ning namoyishi boshlandi. Serial uchta fasldan iborat bo‘lib, 2015-yilda birinchi fasli teleekranga chiqqan. Turkiyada ko‘proq serial industriyasi rivojlangan bo‘lib, o‘zi aslida televideniye sohasida tok-shou, informatsion dasturlar qatorida serialning o‘rni alohida.

Meni xursand qilayotgan narsa, “Sevgi iztirobi” seriali haqiqiy dublyaj – lablashtirilgan dublyaj uslubida ovozlashirilayapti. Musiqa va shovqinlar ham alohida berilgan. Boshqa bir toifa ovozlashtirishda kadr ortidan ikkita aktyor tomonidan matn o‘qib ketilaveriladi. Bu esa ba’zida aktyorning ovozi ustun kelib musiqiy kompozitsiyalarni to‘liq his qilishga halaqit beradi. Shu ma’noda “Sevgi iztirobi” seriali bundan mustasno. Filmni quloq bilan “ko‘radigan” joylari bo‘ladi. Ya’niki, Istambulni har bir hududining shovqini turli, kechasi boshqa, kunduzi boshqa shovqin bo‘ladi. Dublyaj jarayonida labni ochilib yopilishiga monand so‘zlarni saralashda alohida muharrir ishlamoqda.

Adabiy tarjimlardan farqli, ekran tarjimalari xos xususiyatlarga ega. Masalan, Shekspir pyesalarini, yoki boshqa bir roman, hikoyalarni turlicha tarjima talqini bo‘lishi mumkin. Biroq kinoni butkul o‘zingiz istagancha talqin qilolmaysiz, balki matndagi so‘z bilan birgalikda aktyorning holati ham inobatga olinadi. Aynan shu vaziyat uchun o‘rnida ishlatilgan so‘z muhim. Shuning uchun men doim matn bilan baqamti filmning o‘zini ham ko‘rib tarjima qilaman. Ozgina farqli tomonlarini aytmasa, turk tilining 90 foizi o‘zbekcha so‘zlar bilan o‘xshash. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon asarlarida qo‘llanilgan, lekin biz hozir foydalanmaydigan, yo‘qolib ketgan so‘zlardan foydalanishga harakat qildim. Turkiyada esa o‘sha nodir so‘zlar hanuzgacha muomalada. Umuman, tarjimada ikki til o‘rtasidagi o‘rtalikni topishga harakat qilayapman.

Tarjimon sifatida serial mazmuni haqida gapiradigan bo‘lsam, sevgini turli qirrasi uch asosiy qahramon misolida gavdalantirilgan. Sevgi bir umrga kimningdir qalbida, boshqasi esa sevgi bir umrga meni tark etdi deb, o‘z tasavvuridagi sevgi bilan qoladi.

Ko‘zlagan narsasiga yetishmaguncha qo‘ymaydigan Amir Nihonning sevgisi bilan hisoblashmay, unga bir “buyum” sifatida qaraydi. Nihon esa Kamoldagi beg‘ubor sevgini ustunroq biladi. To‘g‘ri yoki noto‘g‘ri kategoriyadagi sevgi yo‘q. Har uch qahramon o‘z dunyosi ila sevadi…

Hozirda “Zo’r tv” kanalida serialni o‘zbek tiliga dublyaj qilish jarayonlari qizg‘in davom etmoqda.

NIHON – DILDORA BEKJONOVA

 | 1055x572 (66 kb)=

Siz bu ovoz sohibasini g‘oyibona taniysiz. Dildora Bekjonova ko‘p hollarda aktrisa Zarina Nizomiddinovaga ovoz beradi. U bilan suhbatda qiziqib, “Maylimi, Nihon bo‘lib gapirib bering?”, deb so‘raganimda, “Yaxshisi, yuring, jarayonda kuzating…”, deya dublyaj studiyasiga taklif qildi. Uning izidan ergashdim-u, jarayonni kuzatdim… tasanno, xuddi turk qizi Nihon so‘zlayotkandek…

Dublyaj sohasida ijodimni boshlaganimga 12 yil to‘ladi. Tan olish kerakki, dublyaj oson soha emas. 2005-yilda sohaga kelgan bo‘lsam, 2009-yildan bosh qahramonlarga ovoz berishni ishonib topshirishgan.

Birinchi ustozim Komil Tursunboyev. Keyinchalik, dublyaj sirlarini Bahodir Qosimovdan o‘rganganman. Umuman, ustozlarim juda ko‘p. Hammalaridan sohaning har turli jihatlarini o‘rganaman. Bu sohada eng muhimi, sabr va kuzatuv. Kasbimni juda yaxshi ko‘raman. Ovoz berayotgan qahramonimni dunyosiga shu qadar sho‘ng‘iymanki, uning orzu-istaklarini, qalbini, umuman, o‘sha filmdagi muhitni hayotda ko‘rgim keladi. Hozir mana Nihon obraziga ovoz berayapman. Qahramonim tabiatan juda romantik, xayolparast, beg‘ubor qiz. O‘zim ham melodrama, drama janridagi filmlar muxlisiman. Shuning uchun Nihon kabi dramasi bor obrazlar menga yaqin.

Sevgi bu go‘zal tuyg‘u… O‘zim ham sevganman, boshimdan o‘tgan. Bilasizmi, o‘shanda Nihon Kamolga turmushga chiqolmasligi sababini aytganda, balki hozir hammasi boshqacha bo‘larmidi, deb o‘ylayman. Sevgan insonlar bir-biriga vaziyatini boricha tushuntirishga jur’at topa olishlari kerak, nazarimda. Serialning ayni kunlarda efirga uzatilayotgan qismlarida aql va yurak o‘rtasidagi Nihonning tuyg‘ulari mushtarak ifodalangan. Nihonni to‘g‘ri tushunaman, chunki o‘zim ham egizaklar burji ostida tug‘ilganman. Gohida quvnoq, gohida esa o‘ychan kayfiyat menga hamroh. Men ham hali bilmayman, serial davomi haqida. Jarayonda Nihon bilan birga yashayapman.

KAMOL- SANJAR SA’DULLAYEV

 | 960x538 (61 kb)=

Bu ovozni tanimagan o‘zbek xonadoni topilmasa kerak. O‘sha biz sevib tomosha qilgan “Esmeralda” serialida Hose Armandoni, “Qish sonatasi”dagi Jun Sangni o‘zbekchasiga so‘zlatgan dublyaj aktyori kim ekanligi, uning hatto, qiyofasi ham ko‘pchilikka sir. Dublyaj san’atidagi ijodi esa soha yoshlariga katta maktab.

AMIR – ALISHER UZOQOV

 | 767x470 (42 kb)=

Bolalaligidan televizor qarshisida “dublyaj, dublyaj” o‘ynab katta bo‘lgan aktyor Alisher Uzoqov bugun prefessional dublyajda! U serialning Ijrochi prodyusseri hamdir. Aktyor fe’li tamomila bir-biriga teskari ikki xil xarakterli qahramonlar – Amir va O‘zanga ovoz beryapti.

Avvaldan “O‘zbekfilm” kinostudiyasida dublyaj jarayonlariga aralashib yurardim. Ko‘plab qahramonlarga ovoz berganman. Faqat buni tomoshabinlar sezishmagan. Keyinchalik, dublyaj bo‘yicha Bahodir Qosimov qo‘llarida tajriba oshirdim. Asosan, koreys seriallarida ishladim. Oxirgi ishlagan serialim bu “Atlantida” nomli serial.

Dublyajda ovozlashtirgan rollarimni hisoblab chiqsam, ekrandagi rollarimdan ko‘proq. Qahramonim Amirning ham o‘z haqiqati bor, telbalarcha sevadi, sevgisi yo‘lida hamma narsaga tayyor. Uni ham to‘g‘ri tushunish kerak.

 | 2048x1024 (240 kb)=

Shuningdek, serialda dublyaj aktyorlardan Sanobar SODIQOVA, Sayfullo IKROMOV, Nasiba MAHMUDOVA ham turli xil xarakterdagi rollarga ovoz berishmoqda.

Ovoz rejissyori: Sardor ISMOILOV
Muharrir: Nasiba MAHMUDOVA

 | 2048x1024 (365 kb)=

Sevgi Iztirobi (tur. Kara Sevda) — drama janridagi turk teleseriali.

Bosh rollarda Burak O‘zchivit, Neslihan Atagul, Kaan Urganjioglu, Xazal Filiz Kuchyukkyose va Melisa Asli Pamuk.

Teleserialning ilk fasli Turkiyada 2015-yilning 14-oktabridan namoyish etilgan

 | 2048x1024 (285 kb)=

Materialni tayyorlashda yaqindan yordam berganliklari uchun “Zo’rTV” telekanaliga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz!

Lobar Qobilova tayyorladi.