Myanma: Oʻzbekiston yuborgan yordam qochqinlar oqimi mislsiz koʻpaygan davrda yetib bordi

0

18-sentabr kuni Bangladesh Qizil yarimoy jamiyatining Dakka shahridagi bosh idorasiga myanmalik musulmon-rohinja qochqinlarga tarqatish uchun Oʻzbekistondan insonparvarlik yordami yetkazib berildi, deb xabar qildi “Jahon” AA.

Foto: “Jahon” AA

Bangladesh Qizil yarimoy jamiyatining qayd etishicha, bu ushbu mamlakat hududidagi rohinja qochqinlarining dastlabki ehtiyojlarini qondirish uchun Jamiyatning chet davlatlardan olgan insonparvarlik yordamlari orasida eng salmoqlisi boʻldi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, qochqinlarning soni soʻnggi kunlarda 400 ming nafarni tashkil etmoqda.

Yetkazib berilgan insonparvarlik yordami tarkibiga qochqinlar hayoti uchun muhim boʻlgan shakar, yongʻoq, quritilgan sut, dori-darmonlar, goʻdaklar ovqatlari, ichimlik suvi, bolalar va kattalar uchun kiyimlar, koʻrpa-toʻshak va boshqa zaruriy mahsulotlar, jami 14 xildagi oziq-ovqat va ashyolar kiritildi.

Insonparvarlik yordamini yetkazib berishning rasmiy marosimida Bangladesh Qizil yarimoy jamiyati, Bangladesh Tashqi ishlar hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar.

Tadbirda soʻzga chiqqan Bangladesh Qizil yarimoy jamiyati prezidenti Hafiz Ahmed Mazumdar Oʻzbekiston rahbariyatiga qochqinlarga oʻz vaqtida va olihimmatlik bilan koʻrsatilgan yordam uchun chin qalbdan minnatdorlik bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu nafaqat yuzaga kelgan ijtimoiy tanglikni yumshatish uchun doʻstona koʻmak, balki oʻzbek xalqiga xos xususiyat boʻlgan samimiy insonparvarlikning namoyishidir.

Foto: “Jahon” AA

Bangladesh Qizil yarimoy jamiyati bosh kotibi Mozarul Haq Oʻzbekistondan yuborilgan insonparvarlik yordami eng zarur paytda — myanmalik qochqinlar oqimi mislsiz tarzda koʻpaygan davrda yetib kelganini taʼkidladi. Ayni paytda shunisi eʼtiborga sazovorki, Oʻzbekiston tomonidan joʻnatilgan yordam tarkibi manzilli xususiyatga ega, yaʼni, insonparvarlik tashkiloti tomonidan belgilangan qochqinlar uchun eng zaruriy mahsulot va buyumlar roʻyxatiga mosdir.

Tadbirda Oʻzbekistondan olingan insonparvarlik yordami eng kamida myanmalik 8 ming oila yoki 50 ming qochqinning ehtiyojlarini qondirishga yetarli ekani alohida qayd etildi.

Xuddi shu kuni mamlakatimiz bayrogʻi ostida va “Oʻzbekiston Respublikasidan insonparvarlik yordami” yozuvi tirkalgan yuk mashinalari Bangladesh Qizil yarimoy jamiyati vakillari hamrohligida ushbu davlat va Myanma chegarasidagi qochqinlar lagerlari tomon yoʻlga tushdi. Insonparvarlik yordamining qochqinlar oʻrtasida tarqatilishi tadbirlari bilan Bangladesh Qizil yarimoy jamiyati shugʻullanadi.