“Korrespondent mehmoni: Mirkamol Qoraboyev”. Har bir o‘zbek o‘g‘loni jismida Manguberdi yuragi yashasin

0


Mirkamol Qoraboyev: 1992-yil 8-yanvarda Farg‘ona viloyatida tavallud topgan. 2011-2015-yillarda O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining “Estrada aktyorligi” va “Estrada rejissyorligi” yo‘nalishlarida tahsil olgan.

Debyuti: “O‘zbektelefilm” buyurtmasiga binoan suratga olingan “Shohsupa” teleserialida boks ustasi Muhammadqodir Abdullayev rolini ijro etgan. Karate bo‘yicha sport ustasi, O‘zbekiston chempioni, bir necha xalqaro musobaqalar sovrindori. Qo‘l jangi, UShU, universal jang bo‘yicha ham musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarga sazovor bo‘lgan. Hozirgi kunda “O‘zbekfilm” kinostudiyasida rejissyor assistenti lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Kim yurtidan yovni quvsa, mendirman o‘sha… 

Kim yurtiga sodiq tursa, mendirman o‘sha…

Qaysi ona o‘g‘il tug‘sa, mendirman o‘sha…

Yoz mavsumida oynaijahonlarimizda O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning vatanparvarlik mavzuidagi “Mendirman o‘sha” qo‘shig‘i va unga ishlangan film-klip birinchilik ulog‘ini olib ketdi.

Moziyning nolali navosi, samimiy ijro, tarixiy muhit, Jaloliddin Manguberdi obrazi…

Film-klip yutug‘ini ta’minlashda Jaloliddin Manguberdi obraziga mos qiyofaning topilishi ham alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Bejiz Manguberdi roliga uch oy davomida aktyor izlashmagan, axir. Ba’zida aktyor rolni emas, rol aktyorni tanlar ekan… Korrespondent mehmoni: Mirkamol Qoraboyev.

– Avval  hech xayolingizga kelganmi, Manguberdi qiyofasiga yuz chehrangiz o‘xshashligi? Yoki yon atrofingizdagilar, rejissyorlar aytishganmi bu haqida?

– Aynan Jaloliddin Manguberdiga o‘xshashligim haqida bir narsa deyolmayman-ku, lekin tarixiy shaxslarga qiyofam to‘g‘ri kelishini sezib yurardim. Atrofdagilar bilan esa bu mavzuda hech gaplashmagan ekanman.

– Manguberdi roliga uch oy davomida aktyor izlashgan ekan…

– Ha, meni topishgungacha shunday bo‘lgan ekan. “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga ish bilan kelgan liboslar bo‘yicha rassom Sevara Zunnunova tasodifan meni ko‘rib qolib, rejissyorga tavsiya qildilar. Manguberdi qiyofasiga o‘xshash jihatni ko‘rganmi… bilmadim. Suratlarimni ko‘rgan Ozodbek Nazarbekov ham suratga olish ishlariga bir hafta qolganda, meni rolga o‘zlari tasdiqladilar. Ochig‘i, bu rolga tasdiqlanaman, deb o‘ylamagandim. O‘sha payt rejissyorlar suratlarimni olib ketishdi. Shu bilan ulardan ikki haftacha darak bo‘lmadi. Keyin kutilmaganda, xushxabarli qo‘ng‘iroq bo‘ldi…

– Film-klipda jangari sahnalar juda ko‘p. Kaskadiyor yordamidan ham foydalanildimi?

– Jang sahnalarini yuz foiz o‘zim bajardim. Kaskadiyorlar bilan maxsus boshqa bir tryuklarni ishladik.

– “Mendirman o‘sha” qo‘shig‘i  naqorat mazmuni har bir mard o‘zbek o‘g‘lon qalbida faxr uyg‘otadi. Chingizxon bilan olishuv sahnasida qalbingizda vatanparvarlik hissi (garchi bu  rol bo‘lsa-da) o‘zgacha, tushuntirib bo‘lmas darajada kechgandir-a?

– Ha, albatta. Ma’lum bir lahzalarda qalbimda tushuntirib bo‘lmas vatanparvarlik hissi o‘tdi. Buyuk odamning ruhiyatini his qilish onlarini yashagandek bo‘ldim. 

– Eng ko‘p dubl qilingan va bitta dublda olingan sahna?

– To‘g‘risi, eng ko‘p dubl qilingan sahnani eslolmadim-u… O‘tovning ichidan alanga qurshovida yugurib chiqayotgan odam epizodi bitta dublda olingan.

– Film-klip ekranga chiqqanda birinchi e’tirofni kimdan eshitdingiz?

– Albatta, onajonim birinchi bo‘lib tabrikladilar. Keyin akam, opam, kelinoyim, jiyanlarim…

– Rolga tayyorlanish jarayonida qanday adabiyot yoki tarixiy materiallardan foydalandingiz?

– Avvaldan o‘zi, Maqsud Shayxzodani “Jaloliddin Manguberdi” pyesasi bilan tanish edim. Rolga tayyorlanish jarayonida Ozodbek Nazarbekovning tavsiyalariga ko‘ra, Yauz Bahodir o‘g‘li taxallusli yozuvchi qalamiga mansub “Xorazm” degan adabiy manbaani o‘qib o‘rgandim. O‘z o‘rnida bu izlanishlarim rol yaratish borasida o‘ziga xos aktyorlik topilmalarini izlashda asqotdi.

– Qoyadan daryoga ot bilan sakrash sahnasi qanday olingan?

– Kompyuter grafikasi ustalarining mahorati bu.

– Eng qadrli kadr?

– Hamma kadrlari ham o‘z o‘rnida qadrli. Klipning umumiy xronometraji 12 daqiqa bo‘lsa, klipda foylanilmagan yana ko‘plab ajoyib kadrlar bor edi. Yuragimda betakror hislarni uyg‘otgan, eng qadrli kadr – Manguberdini kaftidan vatan tuprog‘ini to‘kilish lahzalari. Bu kadr ramziylikka qurilgan bo‘lib, xuddi Vatanni boy berib qo‘yayotgandek vaziyatda qolgan Manguberdi obrazining aqli va qalb tug‘yoni mushtarak ifodalangan. Tarixiy qahramon Jaloliddin Manguberdi obrazini yaratish mas’uliyati ijodimning boshlanish pallasida ishonib topshirilganligining o‘zi men uchun faxr!

Barcha yurtoshlarimizni Mustaqilligimizni 26 yillik shodiyonasi bilan muborakbod etaman! Tilagim, har bir o‘zbek o‘g‘loni jismida Manguberdi yuragi, ruhiyati yashasin!

Film-klip ijodkorlari:

She’r muallifi: Botir Ergashev

Ijrochi: Ozodbek Nazarbekov

Rejissyorlar: Xurshid va Nodir Sobirovlar

Operator: Rustam Murodov

Liboslar bo‘yicha rassom: Sevara Zunnunova

Jaloliddin Manguberdi rolida Mirkamol Qoraboev

Suratga olingan obyekt: Jizzax viloyatining Ravot va Ardaxshon qishlog‘i.

Lobar Qobilova suhbatlashdi