Shavkat Mirziyoyev va Pyotr Poroshenko o‘zaro tabriknoma almashdilar

O‘zbekiston Respublikasi bilan Ukraina Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan ikki davlat rahbarlari bir-birlarini qutladilar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga yuborilgan Ukraina Respublikasi prezidenti Pyotr Poroshenkoning tabrik maktubida Ukraina–O‘zbekiston diplomatik munosabatlarining 25 yilligi samimiy muborakbod etilgan.

Bundan tashqari, Pyotr Poroshenko ikki mamlakat o‘rtasidagi chorak asrlik teng huquqli munosabatlar bundan buyon ham o‘zaro hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maktubida o‘tgan vaqt mobaynida mamlakatlar o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik aloqalari o‘zaro hurmat, manfaatdorlik va anglashuv ruhida izchil rivojlangani va mustahkamlangani chuqur mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston bilan Ukraina o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik, avvalo, savdo-iqtisodiy sohadagi aloqalar xalq farovonligi yo‘lida bundan buyon ham yanada kengayishi va mustahkamlanishiga ishonch bildirgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston bilan Ukraina o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni tartibga soluvchi 142 ta shartnoma, bitim va boshqa hujjatlar imzolangan.

1991-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Ukrainaga 6 marotaba tashrif buyurgan va Ukraina Prezidenti O‘zbekistonga 4 marotaba tashrif buyurgan.

O‘zaro tovar aylanmasi hajmi 2016-yil yakunlari bo‘yicha qariyb 254,1 million AQSh dollarini tashkil etadi.