Mirziyoyev yangi institut tashkil etish haqidagi qarorni imzoladi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil etiladi.

Foto: Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati

Hujjatga koʻra, institut yoshlar muammolarini oʻrganish, mazkur yoʻnalishda ilmiy-tadqiqot va tahliliy izlanishlar olib borish hamda istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida faoliyat olib boruvchi davlat muassasasi hisoblanadi.

Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi Akademiyasi va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi institut muassislari hisoblanishadi.

Respublika yoshlari muammolarini oʻrganish, axborot-tahliliy materiallar tayyorlash va mazkur muammolarni hal qilish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlari oʻtkazish, hokimiyat organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi, hududiy jamoatchilik tashkilotlari  uchun istiqbolli yosh kadrlarning maʼlumotlar bazasini shakllantirish, ularning malakaviy rivojlanishini monitoring qilish tizimini yaratish, istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etish institutning asosiy maqsad va vazifalari hisoblanadi.

Qarorning toʻliq matni bilan prezidentning rasmiy veb saytida tanishish mumkin.