Germaniyalik avtopoygachi Samarqand shahridagi SOS Bolalar mahallasiga 1 230 yevro mablag‘ni xayriya qildi

0

Germaniyalik taniqli avtopoygachi, uch yo‘nalish bo‘yicha Ginnes rekordchisi Rayner Tsitlou (Rainer Zietlow) 7-avgust kuni Toshkentga keldi.

Germaniya Federativ Respublikasining Toshkentdagi elchixonasida Rayner Tsitlou bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilinishicha, u Shanxaydan Venetsiyagacha bo‘lgan masofani Kaluga shahrida ishlab chiqarilgan yangi Volkswagen Tiguan TSI150 o.k. avtomashinasida 6 kundan kamroq muddatda bosib o‘tish va shu orqali jahon rekordini o‘rnatishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Rayner Tsitlou Shanxay shahridan Venetsiya shahrigacha bo‘lgan 12.300 km.lik masofani Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan quyidagi 11 davlat orqali bosib o‘tishni rejalashtirgan: Xitoy, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron, Turkiya, Bolgariya, Serbiya, Xorvatiya, Sloveniya va Italiya.

«Yangi Tiguan — Buyuk Ipak yo‘li» deb nomlangan mazkur loyihaga 20-avgust kuni Shanxayda start beriladi. 25-iyuldan boshlab esa jamoa Venetsiyadan Shanxaygacha bo‘lgan trassa bilan tanishib kelmoqda. Rekord o‘rnatish yo‘lidagi taxminan 1.000 km.lik masofa O‘zbekiston hududidan o‘tadi. Mazkur rekordni o‘rnatishda Rayner Tsitlouga rossiyalik avtojurnalist Petr Bakanov va fotograf Dimitriy Makarov hamrohlik qilishadi.

Rayner Tsitlou 2005-yildan buyon o‘zining rekord urinishlarida bosib o‘tiladigan har bil kilometr uchun 10 sent miqdorida xayriyaga ajratadi va butun dunyo bo‘ylab joylashgan SOS Bolalar mahallalarini qo‘llab-quvvatlab keladi. Bu safargi loyihasida mazkur maqsadni amalga oshirish uchun Rayner Tsitlou O‘zbekistonni tanladi va Shanxaydan Venetsiyagacha bo‘lgan 12.300 km.lik masofa uchun jami 1230 yevro miqdoridagi mablag‘ni 6-avgust kuni Samarqand shahrida joylashgan SOS Bolalar mahallasiga topshirdi.

O‘zining so‘nggi rekord urinishida Rayner Tsitlou 2017-yil aprel oyida Dakardan Moskvagacha bo‘lgan 8.000 km masofani 3 kunu 3 soat vaqt orasida bosib o‘tgan edi.

Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi Madaniyat va matbuot bo‘limi