“Ikkinchi Toshkent”. To‘ytepa O‘zbekistondagi birinchi “aqlli” shaharga aylanadi

0

Toshkent viloyatining ma’muriy markazi — To‘ytepa O‘zbekistondagi birinchi “aqlli” shaharga aylanadi. Shaharni qayta qurish loyihasi Janubiy koreyalik mutaxassislar bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda, deb xabar berdi “Gazeta.uz”.

21-iyul, juma kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev viloyat bo‘ylab tashrifi vaqtida To‘ytepaning bosh rejasi bilan tanishdi. “Ikkinchi Toshkent… Ba’zi joylarda shahar hatto ikkinchi Venetsiya kabi ko‘rinishga ega bo‘ladi”, — deya prezidentning so‘zlaridan parcha keltiradi “Axborot” ko‘rsatuvi.

Avvallari Toshkent viloyatining ma’muriy markazi yo‘q edi. Joriy yilning boshida Toshkentdan To‘ytepaga viloyat hokimiyati ko‘chirilgan edi.

Loyihada yangi texnologiyalar, eko-shahar tizimi hamda O‘zbekiston an’analari hisobga olingan. Shu bilan birga har bir yangi qurilgan shaharda bo‘lishi lozim bo‘lgan yangiliklar kiritilgan. Ushbu shahar O‘zbekistondagi birinchi “aqlli shahar”ga aylanadi.

Aleks Kim Tayxyun, O‘zbekiston Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisining maslahatchisi.

Shaharda ma’muriy binolar, zamonaviy hamda qulay uy-joylar, biznes markazlar, mehmonxonalar, sport majmualari, yoshlar ijod markazi, kutubxonalar, maktablar, ko‘p tarmoqli shifoxonalar quriladi.

Shuningdek, yangi bog‘lar, maydonlar, piyoda va velosipedda aylanish mumkin bo‘lgan xiyobonlar yaratiladi. Jamoat transportining samarali tizimini joriy qilish rejalashtirilgan.

To‘ytepa markazidan sun’iy kanal oqib o‘tadi, uning atrofi bo‘ylab kafelar, do‘konlar va boshqa obyektlar quriladi.

Toshkent va To‘ytepani tezyurar avtomobil yo‘li birlashtirib turadi. Uning atrofiga ham turli obyektlar quriladi.