Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanidagi “O‘zbegim otlari” ot zavodi faoliyati bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanidagi “O‘zbegim otlari” ot zavodi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi matbuot xizmati

O‘zbekistonda yilqichilik va ot sportini rivojlantirish, uning moddiy-texnik va ozuqa bazasini mustahkamlash, mazkur soha uchun mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish orqali nasldor, sport va xizmat otlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada davlat rahbarining 2017-yil 15-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

“O‘zbegim otlari” ot zavodi 1992-yil tashkil etilgan bo‘lib, maydoni 140 gektardan ortiq. Zavod qadimiy ot zotlari, jumladan, Axaltaka tulporlarini ko‘paytirish va parvarishlashga ixtisoslashtirilgan.
Begungi kunda “O‘zbegim otlari” zavodida 300 ga yaqin ot parvarishlanmoqda. Ular orasida Axaltaka zotidan tashqari, ingliz va arab zotli otlar ham bor.

“O‘zbegim otlari” zavodida Shavkat Mirziyoyevga Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan sovg‘a qilingan “Do‘stxon” laqabli zotdor ot yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.