Yunusobod tumanidagi ikki yilga mo‘ljallangan metro qurish loyihasi muddatidan oldin tugatilishi mumkin

0


2001-yilda shaharning aholi zich hududlaridan biri bo‘lgan Yunusobod tumanida uzunligi 7,6 kilometr bo‘lgan, oltita bekatdan iborat Toshkent metrosi “Yunusobod” yo‘nalishining birinchi bosqichi ishga tushirilgan edi. Ayni paytda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli qurilish tashkilotlari “Yunusobod” yo‘lining “Shahriston” va “Turkiston” bekatlarigacha bo‘lgan masofada qurilish ishlarini ham davom ettirmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Ushbu ikki bekat oralig‘idagi masofa 2,7 kilometrni tashkil qiladi. Bu yumushlarni bajarishda 50 dan ortiq zamonaviy texnika va 200 nafardan ziyod ishchi kuchidan foydalanyapmiz. Loyiha bo‘yicha qurilish ishlari ikki yilga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, biz uni muddatidan oldin nihoyasiga yetkazishga harakat qilmoqdamiz.

Sanjar Yusupov, “Ko‘prik qurilish tresti”ning 67-ko‘prik qurilish otryadi rahbari.

Shu kunlarda bu yerdagi mavjud ikkita shaxta va tunnelda qurilish ishlari avj pallaga kirgan. Quruvchilar elektrlashtirish jarayoniga ham alohida e’tibor qaratib, eng zamonaviy yer osti yo‘li barpo etishga intilmoqda.

Biz metro qurilishlarini boshlashdan avval Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarning mutaxassislari bilan tajriba almashdik. Endilikda quruvchilarimiz yer usti metrosini qurishni o‘zlashtirmoqda.

Husniddin Hosilov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bosh menejer-bosh muhandisi

Ayni paytda metro yo‘nalishlarida foydalaniladigan ko‘rkam vagonlar “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatida tubdan ta’mirlanmoqda, yangilari ishlab chiqarilmoqda.