Shavkat Mirziyoyev: Endi kadr tanlashda yaqinlari sudlanganiga qaralmaydi

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-iyul kuni parlament palatalari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakati, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari faoliyatining tahlili hamda istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bundan buyon yoshlardan kadr tanlashda uning qarindoshlari sudlangan-sudlanmaganiga qaralmasligini aytib o‘tdi.

Foto: UPL.UZ

«20 yil davomida shunaqa tizim yaratdikki, yaxshi-yaxshi kadrlarni «otasi qamalgan», «akasi qamalgan» degan vajlar bilan boshqaruvga yaqin yo‘latmadik. Barcha o‘zi uchun javob bersin. Ota o‘zi uchun, bola o‘zi uchun, aka o‘zi uchun. Endi vatanparvar bo‘lsa, tashabbuskor bo‘lsa, boshqaruvga jalb qilamiz», degan Prezident.

Shu kungacha qarindoshlari sudlangan yoki qamalganlar ijtimoiy faoliyatida turli to‘siqlarga duch kelishi kuzatiladi. Bu toifadagi yoshlar o‘zi istagan oliygohga o‘qishga kirishda, o‘zi istagan ish bilan shug‘ullanishni istaganida diskriminatsiyaga uchraydi.

Bu holat jamiyatdagi maishiy munosabatlarda ham aks etadi – ota, aka-uka, amaki-tog‘alar qilgan qilmishlarining farzandga (jigarga) ta’siridan tashqari, o‘sha xonadonga kuyov (yoki kelin) bo‘lmasidan ham oldin javobgarlikka tortilgan qaynota-qaynog‘alar qarindoshlarining faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ba’zi hollarda yuridik oliygohni bitirganlar kareramga ta’sir qiladi, deb sudlangan oilalar bilan quda ham bo‘lmay qo‘yayotgan edi.