Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi siyosiy partiyalarni tanqid qildi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar bilan oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida siyosiy partiyalar faoliyatidagi ayrim muammo va kamchiliklarni sanab oʻtdi.

Foto: president.uz

Prezident oʻz nutqi davomida bugungi kunda siyosiy partiyalar oʻz elektoratiga bergan vaʼdalarini, saylovoldi dasturlarini toʻla va samarali bajarmayotganini, ular hanuzgacha mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida, fuqarolar ongida oʻzining mustahkam oʻrnini egallay olmaganini taʼkidlagan.

“Siyosiy partiyalar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida partiya fraktsiyalari tomonidan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslar deyarli sezilmayapti”, — degan oʻz nutqi davomida prezident.

“Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas boʻlib, uning oʻtkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi. Biz nafaqat OʻzLiDeP, balki barcha partiyalar misolida ana shunday qudratli, safarbar etuvchi kuchni koʻrishni istaymiz”, — deb qoʻshimcha qilgan Mirziyoyev.

“Ochiq aytish kerak, siyosiy partiyalarda bu sohada haligacha xotirjamlik, qandaydir mudrab oʻtirish kayfiyati hukm surmoqda. Hech kimga foydasi boʻlmagan majlislar soatlab davom etmoqda, tanqidiy tahlil oʻrniga mayda masalalar bilan oʻralashib, dolzarb muammolarning yechimi chetda qolib ketmoqda.

Eʼtibor bering, har bir partiyaning dasturida vazifalar va yoʻnalishlar aniq belgilangan. Ushbu sohalar boʻyicha javob beradigan vazirlik va davlat qoʻmitalari ham aniq.

Ammo nima uchun partiyalar ana shu vazirlik va qoʻmitalar faoliyati ustidan oʻzlarining vakillik organlaridagi fraktsiyasi va partiya guruhlari orqali parlament hamda deputatlik nazoratini samarali amalga oshirmayapti, degan savol tugʻiladi.

Shu munosabat bilan har bir siyosiy partiya oʻz dasturidagi vazifalardan kelib chiqib, nazorat qiladigan vazirlik va qoʻmitalarni aniqlab olishi, ular bilan tizimli va doimiy ishlashi foydadan xoli boʻlmas edi”, — deb taʼkidlagan Oʻzbekiston rahbari.