Namanganda yigit va qiz ota-onasini qoʻrqitib qoʻyish uchun oʻz joniga qasd qildi

Sevishgan yoshlar ota-onasini qoʻrqitib qoʻyish maqsadida oʻz jonlariga qasd qildi, natijada qiz vafot etdi. Bu haqda IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2020-yil 15-sentabr kuni soat 11:40 larda navbatchilik qismiga tuman shifoxonasidan fuqaro K.M.ni ogʻir tan jarohati bilan olib kelinganligi haqida xabar tushgan.

Aniqlanishicha, shu kuni soat 11:00 larda Namangan viloyati, Kosonsoy tumani, “Uzunqishloq” mahallasida yashovchi 1999-yilda tugʻilgan I.M va Kosonsoy tumani, “Bogʻ” mahallasida yashovchi 2000-yilda tugʻilgan fuqaro (ayol) K.M bir-birlari bilan bir necha yil davomida yaxshi koʻrishib yurgan. Ota-onalari ularning turmush qurishlariga qarshilik qilganidan norozi boʻlib, oʻzaro kelishgan holda, oʻz jonlariga qasd qilishadi. Ular dala maydoniga borib, oʻzlari bilan olib kelgan osh pichoq bilan dastlab K.M yaxshi koʻrgan yigiti I.M.ning qorin qismiga bir marotaba urib, soʻngra pichoqni I.M.ga berib, qorniga urishni soʻragan va I.M pichoq bilan K.M.ning qorin qismiga bir marotaba urgan vaqtida qiz hushidan ketib yiqilib tushishi oqibatida pichoq qizning qorin qismiga chuqur kirib ketishi natijasida vafot etgan. I.M esa shifoxonaga yotqizilgan.

Ushbu holat boʻyicha tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Dastlabki surishtiruvlarga koʻra, I.M va K.M. 5 yil davomida oʻzaro sevishib yurganligiga qaramasdan, K.M.ning otasi qizini Kosonsoy tumani, “Tergachi” mahallasida yashovchi, 1997-yilda tugʻilgan F.A.ga unashtirib qoʻyganligi sababli, 2020-yil 14-sentabr kuni I.M qizning otasini oldiga borib, qizini unga berishini soʻraganda rozi boʻlmagan.

Shundan soʻng, 15-sentabr kuni soat 09-00 larda I.M va K.M. oʻzaro telefon orqali kelishib, Kosonsoy tuman markazidagi “Istirohat” bogʻi oldida koʻrishib, ular ikkalasi birgalikda Kosonsoy tuman markazida joylashgan dehqon bozoridan 1 dona osh pichogʻini 4 000 soʻmga sotib olib, Kosonsoy tumani, “Takarang” mahallasi, Fitrat koʻchasida joylashgan “Namuna shirin” fermer xoʻjaligi dala maydoniga borib, oʻzaro kelishib, ota-onalarini oʻzaro turmush qurishlariga rozi qilish uchun bir-birlariga galma-gal pichoq urishgan. Shundan keyin fuqaro K.M olgan tan-jarohati natijasida tuman tibbiyot birlashmasida vafot etgan.

Ulashish