Mehnat migrantlariga mikroqarzlar beriladi

“Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori (PQ–4829-son, 15.09.2020-y.) qabul qilindi.

qaror
pv.uz

Qarorga muvofiq, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi joriy etiladi.
Xorijda ishlashga ketishdan oldin Oʻzbekiston fuqarolarini kasb-hunarga va xorijiy tillarga oʻqitish amaliyotini samarali yoʻlga qoʻyish, ularga kasbiy malakani tasdiqlovchi xalqaro tan olinadigan sertifikatlarni berish tizimini joriy qilish mazkur tizimning asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.
Qarorga koʻra:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududiy filiallarga umumiy rahbarlik qiladi;
Hududiy filial rahbarlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yordamchisi hisoblanadi;
Hududiy filiallar xorijiy ish beruvchilar bilan kelishuvlar tuzadi hamda xorijga fuqarolarni ishga yuboradi.
Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-yanvarga qadar quyidagilar tashkil etiladi:
Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Yapon tili va kasbiy malaka” test markazi;
Fargʻona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida payvandchilar maktabi;
Guliston shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida ishchilar tayyorlash oʻquv markazi;
Namangan viloyatidagi professional taʼlim muassasalarida davlat xususiy sheriklik asosida “IT School” oʻquv markazlari, chet tillariga oʻqitish va xizmat sohasi boʻyicha kasblarga tayyorlash oʻquv markazlari.
Shuningdek, 2021-yil 1-yanvardan:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi”ga kiritilgan kam taʼminlangan oila aʼzosi tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yoʻli bilan vaqtinchalik ishlash uchun xorijga chiqayotganda ularga mikroqarzlar berish tartibi joriy qilinadi;
mikroqarzlar xorijda ishga joylashish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun 10 mln soʻmgacha miqdorda 1 yil muddatga beriladi;
mikroqarz foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan koʻp boʻlmagan qismi kompensatsiya qilinadi.