Chet eldagi Oʻzbekiston fuqarolariga 40 dollardan yordam puli beriladi

Xorij davlatlarida mablagʻlarsiz murakkab moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz qolgan 10 mingga yaqin fuqarolarga 446 ming soʻmdan ($40) bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi.

dollar
expert.ru

Mehnat migratsiyasining yangi tizimini joriy etishga oid prezident qaroriga asosan, shu maqsadda 4,1 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi.
Shuningdek, Rossiya, Qozogʻiston va Turkiyadagi mehnat muhojirlariga huquqiy yordam koʻrsatish maqsadida advokatlik firmalari jalb qilinadi, onlayn platforma yaratiladi va Rossiya hududini doimiy xizmat bilan qamrab oladigan Call-markaz tashkil qilinadi.
Chet elda Oʻzbekiston fuqarolariga muntazam yordam koʻrsatib kelayotgan shaxslarni “faxriy konsul” hamda “jamoat maslahatchisi” etib tayinlash, ularni davlat mukofotlari bilan taqdirlash amaliyoti joriy qilinadi.
Diplomatik vakolatxonalar va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari huzurida xorijdagi vatandoshlar, yirik ish beruvchilar hamda Oʻzbekiston fuqarolariga muntazam yordam koʻrsatib kelayotgan boshqa shaxslar ishtirokidagi Maslahat kengashlari tuziladi.