Mbappe kelajagini Ispaniya klubida koʻrmoqda

“El Chiringuito” nashrining maʼlumotiga koʻra, “Pari Sen-Jermen” hujumchisi Kilian Mbappe kelajakda faoliyatini Ispaniyaning “Real Madrid” klubida davom ettirishni istamoqda.

Foto: bleacherreport.com

Avvalroq, Mbappe “PSJ” rahbariyatini mavsum yakunida klubdan ketmoqchiligi haqida ogohlantirgani maʼlum boʻlgandi. Forvard faoliyatini Ispaniya yoki Angliyada davom ettirishni moʻljallayotgani aytilgandi.

“Mundo Deportivo” nashri esa futbolchi keyingi yil yozida “Liverpul”ga oʻtishi haqida xabar tarqatdi. Mersisaydliklar hujum uchligi vakillari — Firmino, Saloh yoki Manedan biri ketadigan boʻlsa, Mbappeni safga qoʻshib olishni rejalashtirgan.

Maʼlumot uchun, 21 yoshli hujumchiga “Real” va “Liverpul”dan tashqari “Barselona”, “Manchester Unated” va “Manchester Siti” kabi klublardan ham qiziqish mavjud.

Eslatib oʻtamiz, Mbappe “PSJ”ga 2017-yil yozida “Monako”dan ijara huquqi asosida oʻtgan. Bir yil oʻtib parijliklar klubi forvardni 180 mln yevro evaziga sotib oladi. Oʻtgan mavsumda ushbu hujumchi Fransiya chempionatidagi 20 oʻyinda maydonga tushib, 18 gol urgan va 5 golga uzatma bergan. Uning parijliklar bilan shartnomasi 2022-yilgacha tuzilgan. U barcha turnirlar doirasida jami 37 oʻyinda maydonga tushgan va 30 gol urib, 19 golga hammualliflik qilgan.

Ulashish