Fargʻonada haydovchilik guvohnomasi boʻlmagan yigit boshqaruv vaqtida uxlab qolib, piyodani urib yubordi

15-sentabr kuni soat 06:30 larda, Fargʻona viloyati, Uchkoʻprik tumani, “Jalayer” MFY hududidan oʻtgan A-373B avtomobil yoʻlining 35-kilometrida haydovchi, 1997-yilda tugʻilgan, haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlmagan S.Sh. “Vaz-21063” rusumli avtomobilda meʼyoriy hujjatlarsiz harakatlanayotib, boshqaruv vaqtida uxlab qolishi oqibatida, yoʻlning chap tomon chetida toʻxtab turgan piyoda, 1976-yilda tugʻilgan D.Sh.ni urib yuborgan. Bu haqda IIV YHXBB Axborot xizmati xabar bermoqda.

Natijada, piyoda, 44 yoshli D.Sh. ogʻir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan Uchkoʻprik tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Barcha haydovchilardan charchoq holatida transport vositasini boshqarmasliklarini, ota-onalar haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlmagan farzandlariga transport vositasini boshqarish uchun bermasliklarini soʻrab qolamiz.

Ulashish