Oʻzbekistonda OTMlarga kirish imtihonlarining yakunlari eʼlon qilindi.

OTMlarga kirish imtihonlarida 1,2 mln nafar (95,1%) abituriyent qatnashdi. 63 ming nafari esa kelmagan, 1187 nafari esa test sinovlaridan chetlashtirilgan. 90 nafar abituriyentda tana harorati 37 darajadan yuqori ekanligi aniqlangan.

Foto: Zarnews

13-sentabr kuni Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun test sinovlari yakunlandi. Dushanba kuni boʻlib oʻtgan brifingda DTM direktor oʻrinbosari Sardor Rajabov test sinovlarining dastlabki yakunlarini eʼlon qildi.

Test sinovlari 2-sentabrdan boshlanib, kuniga 2 smenada – birinchi smenada 08:00 dan 11:00 gacha, ikkinchi smenada 17:00 dan 20:00 gacha oʻtkazildi. Test sinovlari Fargʻona viloyatida 10 kunda (11-sentabr kuni), Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida 11 kunda (12-sentabr kuni), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida 12 kunda (13-sentabr kuni) yakunlandi.

Test sinovlarida bir smenada 1975 ta guruhda 59250 nafar abituriyent, bir kunda 3950 ta guruhda 118500 nafar abituriyent ishtirok etishi uchun tayyorgarlik koʻrildi. Jarayonga guruh nazoratchisi sifatida 3705 nafar pedagog xodimlar jalb etildi.

Oʻzbekiston OTMlariga jami 1 mln 304 ming 194 nafar (2019-yilda — 1 mln 66 ming) abituriyent hujjat topshirgan. Imtihonda shulardan 1 mln 240 ming 614 nafari (95,1%) qatnashdi. 63 ming 580 nafari esa (4,9%) turli sabablarga koʻra test sinovlarida ishtirok etmadi. Jami 1187 nafar abituriyent turli sabablarga koʻra test sinovlaridan chetlatildi. Shundan 548 nafari hududga kirishda, 639 nafari esa test sinovi jarayonida imtihondan chetlashtirilgan.

Jumladan, hududga kirishda 367 nafar abituriyent telefon olib kirishga, 48 nafari shpargalka olib kirishga uringani, 118 nafari oʻringa oʻrin kirishga harakat qilgani, 10 nafari hujjatlarni soxtalashtirgani uchun imtihonlardan chetlatilgan.

Test sinovi jarayonida esa 491 nafar abituriyent telefondan foydalangani, 68 nafari shpargalkadan foydalangani, 27 nafari oʻringa oʻrin kirgani uchun test sinovlaridan chetlatildi.

Qolgan abituriyentlar kalkulyator olib kirishga uringani, shaxsi tasdiqlanmagani, oʻzaro gaplashgani, test materiallarini almashtirgani, test materiallarini olib chiqishga uringani kabi turli sabablar bilan test sinovlaridan chetlatilgan.

90 nafar abituriyentda tana harorati 37 darajadan yuqori ekanligi aniqlangan va shu sabab imtihonlarga kiritilmagan. 17-sentabr kuni ushbu talabalarda sogʻlom ekanligi haqida maʼlumotnomasi mavjud boʻlgan holda, ular uchun qoʻshimcha test sinovlari oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda, deya maʼlum qildi DTM direktor oʻrinbosari Sardor Rajabov “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Test natijalaridan norozi boʻlgan abituriyentlar oktyabr oyining boshlarida appelyatsiyaga berishlari mumkin boʻladi. Appelyatsiya shikoyatlarini qabul qilish toʻliq onlayn tarzda boʻlib oʻtadi.

Ulashish