Toshkentdagi mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalariga maqsadli foizsiz ssudalar ajratilmoqda

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-maydagi PF-6002-sonli Farmoniga muvofiq 2020-yil 1-iyundan 31-dekabrga qadar bo’lgan davrda byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo’llab-quvvatlash jamg’armasi mablag’lari hisobidan Inqirozga qarshi kurashish Respublika komissiyasi tomonidan belgilanadigan mezonlar asosida 12 oy muddatga joylashtirish vositalariga har bir yotoq o’rni uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida bir martalik maqsadli foizsiz ssudalar ajratish belgilangan.

Mazkur Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida, Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan 236 ta mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari rahbarlariga Farmonda belgilangan imtiyoz bo’yicha joylarga chiqgan holda, tushuntirish va targ’ibot ishlari olib borildi.

Mazkur targ’ibotlar natijasida hozirgi kunga qadar ushbu imtiyozdan foydalanish istagini bildirgan o’ndan ortiq mehmonxonalarga 2,5 milliard so’m miqdorida foizsiz ssuda mablag’lari ajratildi. Bundan tashqari, xozirgi kunda 12 ta mehmonxonalar tomonidan taqdim qilingan hujjatlar komissiya tomonidan ko’rib chiqilmoqda.

Bugungi kunda Toshkent shahrida 223 ta mehmonxonalar, 108 ta xostellar va 120 tadan ortiq boshqa joylashtirish vositalari faoliyat yuritmoqda. Ushbu joylashtirish vositalari uchun Farmonda belgilangan imtiyoz va afzalliklar haqida targ’ibot ishlari davom ettirilmoqda.

Ulashish