Toshkent viloyati bojxona kompleksida ip kalavalardan biriga 3000 AQSh dollari yashirilganligi aniqlandi

0

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “G‘ishtko‘prik” bojxona kompleksi xodimlari tomonidan, O‘zbekistonga qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro K.Qodirqulovaning qing‘ir qilmishlari fosh qilindi. Bu haqda Davlat Bojxona Qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Unga tegishli qo‘l yuklari nazorat-rentgen apprati orqali ko‘zdan kechirilganda, ayol tomonidan bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilish maqsadida qo‘l yuklari ichidagi to‘qish uchun mo‘ljallangan ip kalavalardan birining orasiga 3000 AQSh dollari miqdoridagi naqd xorijiy valyuta ustomonlik bilan yashirilganligi aniqlandi.

Kalavalardan yana birining orasiga esa 92 gr.dan ortiq tilla taqinchoqlar yashirilgan. Noqonuniy ravishda olib o‘tishga urinilgan mazkur 49 dona zargarlik buyumlarining umumiy qiymati dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra salkam 12 mln. so‘mni tashkil qilmoqda.

Ayol shu bilan kifoyalanmagan. U bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ma’lum qilmasdan turib, avtotransport vositalari uchun mo‘ljallangan 3 dona antiradar, 2 dona uyali aloqa vositasi va 1 dona DVD pleyerini ham noqonuniy ravishda olib kirishga uringan.

Shu tariqa fuqaro K.Qodirqulovaning qiymati taxminan 25 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy ravishda olib kirish rejasi chippakka chiqarildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.