Rejissyor Yolqin Toʻychiyevning “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmi “Adelaida” kinofestivalida ishtirok etadi

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan “Fox Cinema” studiyasi tomonidan suratga olingan “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” badiiy filmi nufuzli “Adelaida” kinofestivalida ishtirok etadi deya xabar bermoqda agentlik axborot xizmati. 1960-yildan buyon har yili kuzda oʻtkazilib kelinayotgan festival Janubiy Avstraliyaning poytaxti Adelaida shahrida boʻlib oʻtadi.

Avvalroq, ushbu film Janubiy Koreyada boʻlib oʻtadigan Pusan xalqaro kinofestivalida qatnashishi haqida xabar berilgan edi. Pusan kinofestivali Osiyoning eng yirik xalqaro festivallaridan biri hisoblanadi.

Ssenariy muallifi va rejissyor Yolqin Toʻychiyev, postanovkachi operator Bahodir Yoʻldoshev, postanovkachi rassom Bektosh Rajabov, film direktori Shavkat Rizayev. Rollarda: Bahrom Matchonov, Yulduz Rajabova, Elmira Rahimjonova, Marjona Oʻljayeva, Sanobar Haqnazarova, Nodira Hojiquliyeva va boshqalar.

Filmda oʻtgan asrning boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga koʻrsatgan taʼsiri bir oila misolida ochib beriladi. Yuz berayotgan voqea-hodisalarga eʼtibor bermay, odamlardan narida uch nafar xotini bilan umrguzaronlik qilayotgan Komil toʻrtinchi bor uylanadi. Yangi ayolning oilaga kirib kelishi bilan bogʻliq baʼzi mojarolar va hududdagi siyosiy ahvol xonadonning parokanda boʻlishiga sabab boʻladi.

Ulashish