Korrupsiyaga qarshi kurash: rivojlangan mamlakatlar tajribasi

Dunyodagi rivojlangan mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘ziga xos tartiblar mavjud. Quyida ular haqida ma’lumot beramiz.
Niderlandiya korrupsiya darajasi eng past davlatlar qatoriga kiradi. Niderlandiyada korrupsiyaga qarshi kurash tizimi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

– Korrupsiya holati aniqlangach, korrupsion harakatning oqibatlari muhokama qilinadi va ularga qo‘llangan jazolar muntazam ravishda e’lon qilib boriladi. Ichki ishlar vaziri har yili korrupsiya faktlari va korrupsiyaga aloqador shaxslarni jazolash choralari to‘g‘risida parlamentga hisobot beradi.
– Korrupsion amaliyotlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan “nuqta”larni kuzatib borish va bu joylarda shaxslarning faoliyatini nazorat qilish tizimi ishlab chiqilgan.
– Rasmiy axloq qoidalarining buzilishi uchun javobgar mansabdorlarning huquq va majburiyatlari tizimi yaratilgan.
– Korrupsion harakatlar uchun asosiy jazo davlat tashkilotlarida ishlash huquqidan va barcha ijtimoiy imtiyozlardan mahrum bo‘lishdir. Shuningdek, jarima va o‘z vazifasidan vaqtincha chetlatish jazosi ham qo‘llanadi.
– Eng muhim tashkilotlarda, xususan, vazirliklarda ichki xavfsizlik xizmati mavjud bo‘lib, ularning vazifasi amaldorlarning xatosini aniqlash, ularning qoidalarni qasddan yoki tasodifan buzishini aniqlash hisoblanadi.
– Korrupsiya sodir etishi mumkin bo‘lgan lavozimlarga shaxslarni tanlash tizimi yaratilgan.
– Milliy xavfsizlik tizimiga tegishli bo‘lmagan, korrupsiyaga oid barcha materiallar ommaga e’lon qilinadi.
– Korrupsiyaning zararini tushunadigan mansabdorlarni tayyorlashning maxsus tizimi yaratilgan.
– Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat xavfsizligi tizimi yaratilgan va u korrupsiyani aniqlash uchun katta vakolatlarga ega.
– Barcha darajadagi mansabdorlar o‘zlariga ma’lum bo‘lgan korrupsiyani ro‘yxatga olishlari shart, bu ma’lumotlar ichki ishlar va adliya vazirliklariga yuboriladi.
– Korrupsiyaga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalari katta rol o‘ynaydi. Chunki ular korrupsiya holatlarini fosh etadi va ular haqida surishtiruv olib boradi.
Singapurda korrupsiyaga qarshi kurash asosiy yo‘nalishi bo‘lgan maxsus organ mavjud. U Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tergov byurosi deb ataladi. Ushbu mustaqil organ Singapur iqtisodiyotining davlat va xususiy sektorida korrupsiyaning oldi olinishini o‘rganib chiqadi.
Byuro hukumat amaldorlari mansabini suiiste’mol qilgan holatlarni tekshiradi va tegishli organlarga zarur choralarni ko‘rish uchun ular haqida xabar qiladi. Byuro boshqaruv tizimidagi kamchiliklarni aniqlash uchun davlat organlari ish uslublarini o‘rganadi. Agar bunday bo‘shliqlar korrupsiyaga va suiiste’molchilikka olib kelishi mumkin bo‘lsa, byuro ushbu bo‘linmalar rahbarlariga chora ko‘rishni tavsiya qiladi.
Singapurning korrupsiyaga qarshi siyosatining asosiy g‘oyasi “insonni korrupsiyaga undaydigan holatlarni yo‘q qilish”dan iborat. Bunga bir qator prinsiplar orqali erishiladi.

1) davlat xizmatchilarining ish haqini xususiy sektorda muvaffaqiyatli ishlayotgan shaxslarning o‘rtacha oylik ish haqi bilan tenglashtirish; 2) davlat organlari mansabdorlarining mulki, aktivlari va qarzlari bo‘yicha yillik hisobotlarini nazorat qilish (xususan, prokuror korrupsiyaga qarshi qonunchilikni buzganlikda gumon qilingan shaxslarning har qanday bank hisob raqamlarini, aksiyalarini tekshirishga haqli); 3) yuqori lavozimdagi mansabdorlarning ma’naviy yuksakligini ta’minlash; 4) iqtisodiy rivojlanishda duch kelinadigan ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish.

Germaniyada muayyan funksiyalardan qat’i nazar, davlat xizmatchilari o‘z vazifalarini butun jamiyat manfaati uchun xolis va adolatli bajarishlari shart.

Germaniyada korrupsiyaga qarshi kurashning birinchi vazifasi rasmiy sirlarni saqlashdan iborat. Davlat xizmatchisi, shuningdek, o‘z faoliyati davomida unga ma’lum bo‘lgan ma’lumot va haqiqatlarni yashirishi kerak. Davlat xizmatchisi ruxsat olmasdan turib guvohlik berishga, hatto sudda ham bayonot berishga haqli emas.

Davlat xizmatchisi xizmat ko‘rsatishdan boshqa har qanday ish uchun oldindan yuqori darajadagi rahbarining roziligini olishi talab qilinadi. Davlat xizmatchisi uchun ruxsatnoma faqat ilmiy muassasalarda va o‘qitish hamda tadqiqotlar bilan bog‘liq faoliyat uchun talab qilinmaydi.

Davlat xizmatchilari biron-bir tadbirkorlik faoliyati bilan shaxsan yoki vakolatli vakillari orqali shug‘ullanish huquqiga ega emas.

Federal hukumat qonun kuchiga ega qaror chiqarish yo‘li bilan davlat xizmatchilarining o‘rindoshlik asosida ishlash tartibini belgilaydi. Unda qaysi faoliyat davlat xizmati deb hisoblanadi yoki unga tenglashtiriladi; davlat xizmatchisi qo‘shimcha ishi uchun haq oladimi; davlat xizmatchilarining qaysi toifalari ruxsatnoma olishga majbur kabi masalalar aniqlashtiriladi. Ishchilarning turli toifalari bir yilda oladigan eng ko‘p haq miqdori va uni hisoblash tartibi belgilanadi.

Agar xizmatga oid munosabatlar tugatilgandan so‘ng davlat xizmatchisi o‘zining oxirgi besh yillik xizmat faoliyati bilan bog‘liq ishda ishlasa, oxirgi xizmat joyida buni e’lon qilishi kerak. Uning faoliyati, agar xizmat manfaatlari uchun zarar yetkazishi mumkin bo‘lsa, taqiqlanadi. Bu taqiq davlat xizmatining eng yuqori instansiyasi tomonidan joriy etiladi va xizmat munosabatlari tugaganidan keyin 5 yil o‘tgach tugaydi.

Davlat xizmatchilarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi oqibatlari batafsil tartibga solinadi. Davlat xizmatchisi (Federal intizomiy huquq haqidagi nizomga muvofiq) o‘z vazifalarini bajarish tartibini buzgan deb topilsa, jinoyat sodir etgan deb hisoblanadi.

Davlat xizmatiga bog‘liq bo‘lgan yuqori talab va cheklovlarga yarasha Germaniyada yuqori maosh va boshqa to‘lovlar, ish joyining barqarorligi va yuqori turmush darajasini ta’minlash kafolatlanadi.

Furqat Alimardon, Korrespondent.uz

Ulashish