WCC-APR prezidentligiga Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi nomzod sifatida tasdiqlandi

Osiyo-Tinch okeani mintaqasi Jahon hunarmandlar kengashi (WCC-APR) direktorlar kengashining VIII yigʻilishi videokonferensaloqa shaklida boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi Jahon hunarmandchilik kengashi raisi Gada Xijavi-Kaddumi va Osiyo-Tinch okeani mintaqasining (Hindiston, Xitoy, Quvayt, Malayziya, Yaponiya, Bangladesh, Oʻzbekiston va boshqalar) 49 mamlakati direktorlar kengashi aʼzolari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov uchrashuvda faxriy mehmoni sifatida qatnashdi.

Yigʻilish kun tartibiga muvofiq, aʼzolik, nodavlat-notijorat tashkilotlarining milliy tuzilmasini kengaytirish, shuningdek, 2021-2024-yillarda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi boʻyicha Prezident va uning oʻrinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni tasdiqlash va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.

Yigʻilishda soʻzga chiqqan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi Jahon hunarmandchilik kengashi raisi (2017-2020) Gada Xijavi-Kaddumi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida hunarmandchilikni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Tadbirda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov nomzodi WCC-APR prezidentligiga ilgari surildi, kengashning barcha aʼzolari bir ovozdan mazkur A.Ikromovni nomzodlikka maʼqulladi.

Oʻz navbatida, A.Ikromov kengash aʼzolariga, xususan, Gada Xijavi-Kaddumi xonimga 2021-2024-yillarda WCC-APR prezidentligiga nomzod sifatida tasdiqlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Tadbirda Oʻzbekiston tomoni WCC-APR Bosh assambleyasining 38-sessiyasini shu yil dekabr oyida videokonferensiya shaklida oʻtkazishni taklif qildi.

A.Ikromov taqdimotda hukumat tomonidan qoʻl sanʼati, xususan, bu borada Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

Ulashish