Xalqaro sport tashkilotiga Oʻzbekiston fuqarosi asos soldi

Oʻzbekistonlik Faxriddin Usmonov tomonidan xalqaro sport tashkilotiga asos solindi. Yaʼni, World Usmonov.S Combat Systems Association (Wuksa) koʻrinishidagi yakkakurash assotsiatsiyasi oʻz faoliyatini yurita boshladi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar berdi.

Mazkur tashkilot 2019-yil 18-noyabrda Xalqaro sharq yakkakurashlar assotsiatsiyasi tomonidan tan olingan. Joriy yil fevral oyida qolgan hujjat ishlari yakunlangan, endi rasman oʻz faoliyatini boshladi. Hozirda ushbu assotsiatsiya tarkibiga 15 ta davlat aʼzo boʻlgan va bu borada yana salmoqli ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, Combat Usmonov yoʻnalishini yurtimiz hududlarida rivojlantirish borasida ham rejalar amalga oshirilmoqda.

8-sentabr kuni aynan ushbu yoʻnalish borasida va tashkilot faoliyatini mukammal holatga keltirish boʻyicha taʼsischilarning onlayn tarzdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda tashkilot asoschisi va prezidenti Grand-master “10-DAN” qora belbogʻ sohibi Faxriddin Yuldashevich Usmonov kelajakdagi rejalar bilan tanishtirib, faoliyatni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish va boshqa masalalar yuzasidan oʻz fikrini bildirdi.

Shuningdek, tashkilotning vitse-prezidentlari ham tasdiqlandi. Unga koʻra, mashhur MMA jangchisi, Buxoroda tashkil qilingan “Amir Temur” klubi asoschisi Muzaffar Rajabov va uzoq yillardan buyon Oʻzbekiston muay tay federatsiyasida faoliyat yuritib kelayotgan Zamirbek Qosimbekov ushbu masʼuliyatli lavozimga tayinlandilar.

Maʼlumot uchun, WUKSA tarkibida oʻzining 11 ta yoʻnalishi boʻlib, aynan ushbu turlar boʻyicha muntazam turnirlar oʻtkazib borilishi koʻzda tutilgan.

Ulashish