Liviya sharqidagi muvaqqat hukumat isteʼfoga chiqish toʻgʻrisida ariza berdi

Mamlakat sharqidagi Liviyaning muvaqqat hukumati Vakillar Palatasiga (parlamentga) isteʼfoga chiqish toʻgʻrisida ariza topshirdi, deyiladi qonun chiqaruvchi organning bayonotida. Bu haqda “ria.ru” sayti xabar berdi.

Foto: Deutsche Welle

Parlament bayonotining maʼlumotiga koʻra, uning rahbari Aguila Solih yakshanba kuni Liviya muvaqqat hukumati rahbari Abdulla at-Tani va mamlakat sharqidagi ijro hokimiyatining boshqa qator yuqori martabali amaldorlari bilan shoshilinch yigʻilish oʻtkazdi. Maʼlum qilinishicha, uchrashuv davomida ishtirokchilar yashash sharoitlarini yaxshilash boʻyicha aholining talablarini qondirish imkoniyatlarini muhokama qilishgan.
Soʻnggi bir necha kun ichida mintaqada turmush darajasi yomonlashgani va elektr taʼminotidagi uzilishlar sababli norozilik namoyishlari boʻlib oʻtdi.

“Liviya hukumati janob parlament spikeriga isteʼfoga chiqish toʻgʻrisida ariza topshirdi. Koʻrib chiqish uchun Kengashga (Vakillar Palatasi) taqdim etiladi”, — deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, Liviyada Tripoli va mamlakat gʻarbidagi hududlarni nazorat qiluvchi Milliy kelishuv hukumati (GNA) Fayez Sarraj va sharqda oʻtirgan parlament bilan hamkorlik qiluvchi marshal Xalifa Xaftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasi oʻrtasida qarama-qarshilik davom etmoqda.

Ulashish