Ijodkorlar qancha qalam haqi olishadi? Xorij va Oʻzbekiston misolida

Yevropada yozuvchi va shoirlar qancha gonorar olishadi?

AQSH va Buyuk Britaniyada yozuvchi va shoirlar yaxshi daromad topishadi. Shu bois ularning koʻpchiligi mamlakatimizdagi yozuvchi va shoirlar singari boshqa sohalarda faoliyat yuritishmaydi. Yaʼni faqat ijod bilan mashgʻul boʻlishadi. Bu davlatlarda qalam haqi yozuvchi va shoirlarning faoliyat stajiga va muvaffaqiyatiga bevosita bogʻliq holda toʻlanadi.

Jumladan:

Birinchi kategoriya boʻyicha: 1 yilgacha ish stajiga ega boʻlgan yoki 15 oylik maoshidan kelib chiqqan holda mualliflarga yiliga 25-30 ming dollargacha qalam haqi toʻlanadi, deb maʼlumot bergan “Investopedia.com” elektron nashri. Bundan tashqari, bayram va alohida nishonlanadigan kunlarda yozuvchi va shoirlarga qoʻshimcha ish haqi va bonuslar toʻlab boriladi.

Ikkinchi kategoriya boʻyicha: 1-4 yillik ish tajribasiga ega boʻlgan yozuvchi va shoirlar boshlangʻich daromadi oʻrtacha 48 691 AQSH dollari miqdorida gonorar oladi.

Uchinchi kategoriya boʻyicha: 5-9 yillik ish tajribasiga ega oʻrta martabali qalam egalari oʻrtacha 49 156 AQSH dollari miqdorida gonorar oladi.

Toʻrtinchi kategoriya boʻyicha: 10-19 yillik tajribaga ega oʻtkir qalam egalari 75 000 AQSH dollari miqdorida gonorar oladi.

Beshinchi kategoriya boʻyicha: 20 yil va undan yuqori ish stajiga ega boʻlganlari oʻrtacha 84 500 AQSH dollari miqdorida gonorar oladilar.

Yana bir masala, xorij yozuvchi va shoirlari qancha soliq toʻlaydi?

Mashhur yetti tomli “Garri Potter” fantastik romanlar toʻplami muallifi Joanna Ketlin Rouling Buyuk Britaniyaning eng katta soliq toʻlovchilaridan biri hisoblanadi. Buyuk Britaniya gazetalar uyushmasining nashri “Dailymail.co.uk”ning 2020-yil 27-yanvardagi xabariga koʻra, J. Rouling oʻtgan yillar mobaynida oʻz asarlari uchun olgan daromadidan 100 million funt sterling miqdorida soliq toʻlagan boʻlib, uning 2019-yildagi soliqlari miqdori 48,6 million funt sterlingni tashkil qilgan.

Shundan, adiba daromad soligʻi va milliy sugʻurta uchun deyarli 47 million funt sterling toʻlagan. Qolgan 1,6 million funt sterlingni oʻzining elektron kitoblari va boshqa asarlarini raqamli koʻrinishda tayyorlash va tarqatish bilan shugʻullanadigan “Pottermor” elektron nashriyoti uchun biznes soliqlari koʻrinishida toʻlagan.

Dahshat, triller, ilmiy fantastika, fantaziya, drama singari turli janrlardagi asarlari bilan tanilib, “dahshatlar qiroli” laqabini olgan amerikalik yozuvchi Stiven Edvin King ham oʻz gonoraridan yirik miqdorda soliq toʻlovchilardan biri hisoblanadi.

Stiven King Amerika soliqchilik tizimini qoralovchi sifatida ham yaxshigina tanilgan boʻlib, uning “Men boyman, menga soliq sol”nomli kinoyali publitsistik maqolasi koʻplab bahslarni keltirib chiqargan.

“Boylarning koʻp soliq toʻlashi, afsuski hech narsani oʻzgartirayotgani yoʻq. Global isish hamon davom etmoqda yoki bizning soliqlarimiz benzin narxini bir tiyinga boʻlsa ham tushirgani yoʻq. Amerikaning milliy majburiyatlari qoniqarsiz, soliq toʻlaymizu, yana taʼlim olish uchun maktabga pul toʻlaymiz, sogʻligʻimizni yoʻqotsak, sugʻurta uchun yana pul toʻlaymiz” — deya fikr bildirgan u Florida shtatida boʻlib oʻtgan mitingda.

Biroq shunga qaramay AQSH federial soliq xizmati yozuvchi gonoraridan 4 million dollar (2,5 million funt) miqdorida daromad soligʻi undirgan. Shunday qilib, 2019-yilda Stiven King oʻz daromadining 28 foizini soliqqa toʻlagan.

Asli hindistonlik Amerika fuqarosi “Obama gʻazabining ildizlari”, “Amerika: Dunyoni onasiz tasavvur et”, “Xillari Amerikasi” va “Millatning oʻlimi”asarlari va “Oskar” mukofoti muallifi Dines Jozef Dʼsouza ham bugungi kunning eng yirik soliq toʻlovchi yozuvchilaridan biri.

“Hillari Amerikasi” asari ekranlashtirilgandan keyin, demokratik partiyaning maxfiy tarixi tezda AQSHning kassasida yilning eng yirik hujjatli filmiga aylanib, dastlabki oʻn kunligida 5,2 million dollar mablagʻ jamgʻargan. Dcouza ushbu film ssenariysidan 3,8 million dollar gonorar olgan va Amerika federial soliq kodeksiga muvofiq 28 foiz soliq toʻlagan.

Oʻzbek ijodkorlari qancha gonorar olishadi?

Oʻtgan yillar davomida mualliflik haqi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 8-yanvardagi “Mualliflik haqi va boshqa haq toʻlash turlari stavkalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan toʻlanib kelinar edi.

Bu holat Prezidentning 2017-yil 14-avgustdagi “Madaniyat va sanʼat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yana-da rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq kitob mualliflariga beriladigan qalam haqi 85 foizga koʻpaydi.

Bu stavkalar asosida ayniqsa, bolalarga moʻljallangan asarlar uchun qalam haqi 2,5 barobarga oshirildi. Misol uchun, maktabgacha va kichik yoshdagi bolalar uchun nasriy asarga buyurtma bergan nashriyot kitobni 20 ming nusxada chiqaradigan boʻlsa, nashriyot muallifga tobogʻi uchun 2 million 66 ming 880 soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda qalam haqi belgilaydi. 20 ming nusxadan kam boʻlmagan sheʼriy kitob muallifiga har bir satr uchun 8 ming 610 soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda qalam haqi toʻlanadi.

Ilgari nashriyotlar tomonidan badiiy asarlar uchun 5 koeffitsiyent koʻrsatkichida mualliflarga qalam haqi hisoblangan boʻlsa, endilikda koeffitsiyent koʻrsatkichi sakkizga oshirildi. Bu badiiy asarlarga qalam haqi berish miqdori ham qariyb 2 barobarga koʻpaydi, degani.

Ehtimol bu barcha nashriyotlarga tegishli emasdir, lekin nazarimda yuqoridagi gonorarlar faqat qogʻozda xolos.

Qiyosiy tahlil

Yevropa davlatlarida 1 sahifa ijodiy material uchun 700-1400 dollargacha gonorar berilar ekan.

Shaxsiy soʻrovnomamga koʻra, hozirgi kunda Oʻzbekistonda oʻrtacha gazeta va jurnallarda chop etilgan bir sahifa material uchun 60 dan 100 ming soʻmgacha boʻlgan miqdorida gonorar toʻlanadi.

Jumladan, 2019-yilda “Bekajon” oilaviy gazetasi chet mualliflariga bir sahifa material uchun 30-40 ming soʻm miqdorida, Oʻzbekiston yoshlarining adabiy-ijtimoiy “Yoshlik” jurnali esa bundan 1 yil oldin 25-30 soʻm miqdorida qalam haqi toʻlangan.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Yevropada birinchi kategoriya boʻyicha eng kam gonorar oladigan ijodkorning 1 ta kitobi qalam haqqiga 10 ming kilogramm goʻsht yoki 25 ta buqa sotib olsa boʻlar ekan.

Oʻzbekistonda esa ijodkor bir yil umrini bagʻishlagan 20 ming nusxadagi 5 bosma tobogʻi (misol tariqasida) uchun kitobining 13 million 344 ming soʻmlik gonorarini olgan deb hisoblaydigan boʻlsak, bugungi kunda 225 kilogramm goʻsht yoki 1 dona buqa olishga qurbi yetar ekan xolos.

Oʻzbekistonlik ijodkorlar oʻz gonoraridan qancha soliq toʻlaydi?

Soliqchilik tizimimizda gonorar oluvchilar (yozuvchi, shoir, olim, musiqachi, rejissyor vaho kazo)larga olgan gonoraridan soliq olishda imtiyozlar koʻzda tutilmagan. Gonorar oluvchilar daromad koʻrgan shaxs sifatida qaraladi va oʻz foydasining 12 foizi miqdorida daromad soligʻi toʻlaydi.

Misol uchun, yozuvchi bir sahifa uchun 100 000 soʻm gonorar olsa 12 000 soʻm miqdorida daromad soligʻi toʻlaydi.

Toʻgʻri, AQSHda Xemenguey davrida undirilgan soliqlar oldida bizning soliqlar arzimas miqdordir, lekin toʻlanayotgan gonorarlar ham ular olgan gonorar oldida arzimas chaqada.

Abdulla CHIMIRZAYEV

Ulashish