Yangiyoʻlda kadastr xizmati xodimi 13 500 dollar pora olayotgan vaqtida ushlandi

Yangiyoʻl tumani kadastr xizmati xodimi 27 sotix yerni har bir sotixi 500 AQSH dollaridan jami 13 500 AQSH dollarga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabar berdi.

korrupsiya
sof.uz

Shu yilning 8-sentabr kuni fuqaro M.A. viloyat IIBBga ariza bilan murojaat qilgan. Yozilishicha, u fuqarolarga ajratilayotgan yerlar boʻlsa, qonuniy sotib olish, uy-joy qilish maqsadida Toshkent viloyati yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri Yangiyoʻl tumani filialiga murojaat qilgan. Filialda turar joy mutaxassisi lavozimida ishlovchi I.N. hozirgi kunda shudgor qilinib tayyorlangan yerlarning xar bir sotixi 500 AQSH dollar ekanini, 27 sotix tayyorlangan yerni jami 13 500 AQSH dollariga sotmoqchiligini aytgan.

Jinoyat qidiruv boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tadbir natijasida, Toshkent viloyati yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi Toshkent viloyati yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi Yangiyoʻl tumani filialida turar joy mutaxassisi lavozimida ishlovchi, 29 yoshli I.N. fuqarodan kelishilgan pullarni olayotgan vaqtida xolislar ishtirokida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

“Mazkur holat yuzasidan fuqaro I.N. ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-modda 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Ulashish