“Yovga ters qaragan musulmon emas” – erksevar shoir Shavkat Rahmon 70 yoshda

O‘zbek adabiyotida o‘chmas iz qoldirgan zabardast shoir Shavkat Rahmon hayot bo‘lganida bugun 70 yoshga to‘lgan bo‘lardi.

Shavkat Rahmon-2Shavkat Rahmon (asl ism-sharifi Rahmonov Shavkat) 1950-yilning 12-sentabrida O‘sh viloyatining Qorasuv tumaniga qarashli Pomir mahallasida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. 1966-yilda o‘rta maktabni tugatgach, qurilishlarda, viloyat bosmaxonasi va gazetasida ishlaydi. 1973-yilda Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutini bitirgach, Toshkentga kelib, Gʻafur Gʻulom nomli adabiyot va san’at nashriyotida muharrir va bo‘lim boshlig‘i (1975-82; 1985-90), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mas’ul xodim bo‘lib ishlaydi (1982-84).

Shoirning dastlabki she’rlari O‘sh viloyat gazetalarida chiqa boshlaydi. Birinchi she’riy to‘plami “Rangin lahzalar” (1978) nomi bilan bosiladi. Shundan keyin shoirning “Yurak qirralari” (1981), “Ochiq kunlar” (1983), “Gullayotgan tosh” (1984), “Uyg‘oq tog‘lar” (1986), “Hulvo” (1988) kabi bir qator she’riy to‘plamlari bosilib chiqadi. Shoirning o‘z qo‘li bilan tayyorlagan “Saylanma” to‘plami vafotidan so‘ng 1997-yili nashr etilgan.

Shavkat Rahmon so‘zning badiiy imkoniyatlarini kengaytirish, fikr va tuyg‘uning botiniy harakatini ifodalash usul va vositalarini topish maqsadida kutilmagan majoziy obrazlardan, qiyoslardan samarali foydalangan, barmoq vaznining an’anaviy o‘lchovlarini buzib, ritm va ohangga erkin munosabatda bo‘lgan, she’riyat bilan tasviriy san’at, she’riyat bilan falsafa o‘rtasidagi aloqani yanada mustahkamlagan. Uning asarlarida tarixga, kechmishga sayohat, hozirgi kunlarga tanqidiy baho yetakchilik qiladi. Shavkat Rahmon she’riyati 80-yillarda o‘zbek adabiyotida kuchli oqimni tashkil etgan lirik-falsafiy, isyonkorlik ruhidagi asarlar sirasiga kiradi.

Shavkat Rahmon o‘zbek she’riyatini 20-asr ispan shoirlarining badiiy tajribasi bilan boyitgan. F. G. Lorka (“Saylanma”, 1979), X. R. Ximenas, R. Alberti she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
U uzoq davom etgan og‘ir xastalik tufayli 1996-yil 2-oktabrda Toshkent shahrida vafot etgan.

TURKIYLAR

Qilichin tashladi beklar nihoyat, 
bosildi tulporlar, 
tig‘lar suroni,
urhoga o‘rgangan tillarda oyat, 
turkiylar tanidi komil xudoni. 
Qilichlar zangladi… 
falokat hushyor,
turkiylar quvvatin berdi yerlarga. 
Hiylagar do‘stlarday yaqinlashdi yov 
komillik qidirgan jasur erlarga. 
Ilvasin yigitlar, 
bobir yigitlar,
sajdaga bosh qo‘ydi yovga ters qarab, 
g‘ullarni kemirib yig‘ladi itlar, 
buyuk boshni kesdi qilich yaraqlab. 
Turkda bosh qolmadi… qolmadi dovlar.
xotin-xalaj qoldi motam ko‘tarib, 
“bizga tik qarama” buyurdi yovlar, 
yovlarga ters qarab yashadi bari. 
Talandi samoviy tulpor uyuri, 
talandi zarlari, 
zebu zabari,
ters qarab o‘ling deb yovlar buyurdi,
yovlarga ters qarab jon berdi bari.
Lahadga kirdilar o‘zlarin qarg‘ab,
qolmadi arabiy,
turkiy xatlari,
tug‘ingiz dedi yov teskari qarab,
yovlarga ters qarab tug‘ildi bari.
Tug‘ildi,
tug‘ildi,
tug‘ildi qullar,
qirqida qirilgan — imdodga muhtoj,
yovlarga ters qarab itlarday hurar, 
bir-biriga dushman,
bir-biridan koj.
Jo‘mardlar qirilgan Turonzaminda
do‘zaxiy tajriba pallasin ko‘rdim: 
eshshak suvrati bor qay bir qavmda, 
qay birida to‘ng‘iz kallasin ko‘rdim. 
Bu holdan buvaklar bo‘g‘ilib o‘lar, 
qul Bilol ezilib yig‘lar falakda…
O‘zlarin yondirar borliqdan to‘ygan 
Badaxshon la’liday asl malaklar. 
Mo‘minlar besh bora Allohni eslar 
sajdaga bosh qo‘yib jallod toshiga. 
O‘grilib sal ortga qarayin desa, 
boshiga urarlar,
faqat boshiga. 
Bormi er yigitlar, bormi er qizlar,
bormi gul bag‘ringda jo‘mard nolalar,
bormi bul tufroqda o‘zligin izlab, 
osmonu falakka yetgan bolalar.

Bor bo‘lsa,
alarga yetkarib qo‘ying,
bir boshga bir o‘lim demagan ermas,
shahidlar o‘lmaydi,
bir qarab to‘ying:
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!

Ulashish