Milliy gvardiya Harbiy-texnik institutida maxsus stipendiyasi va koʻkrak nishoni taʼsis etildi

Milliy gvardiya Harbiy-texnik institutida “Zahiriddin Muhammad Bobur” nomidagi maxsus stipendiya hamda koʻkrak nishoni joriy etilishi yuzasidan Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi qoʻmondonining buyrugʻi imzolandi.

Zahiriddin Muhammad Bobur
marifat.uz

Maxsus stipendiya belgilangan mezonlarga muvofiq ish olib borgan 1-3 bosqich kursantlariga beriladi. Mezonga Z.M.Boburning hayoti va ijodini oʻrganish, faoliyatini yoritish, ilmiy tadqiq qilish va targʻib etish yoʻnalishida izlanish olib borayotgan, shuningdek, adabiyot va kitobxonlikni keng targʻib qilish yoʻnalishida alohida faollik koʻrsatayotgan va konferensiyalarda (tanlovlarda) qatnashgan hamda mualliflik asosida nashr etilgan ishlari (asarlari) mavjudligi kabilar kiradi. Gʻoliblar har yili 20-mayga qadar institut tomonidan aniqlanadi.

“Zahiriddin Muhammad Bobur” nomidagi koʻkrak nishoni nikel hamda tilla qoplangan mis qotishmasidan tayyorlangan boʻlib, sakkiz qirrali tilla rangli yulduz shakliga egadir.
Koʻkrak nishonining markazida havo rang emal bilan qoplangan, orqa tomonidan quyosh nurlari taralayotgan fonda Zahiriddin Muhammad Boburning sarkardalik mahorati va saltanat sohibi ekanligini anglatuvchi suvoriy qiyofasidagi oltin rangda boʻlgan surʼati joylashgan boʻlsa, uning yuqori qismida ikki tomonidan qabariq sakkiz qirrali yulduz bilan ajratilgan qabariq harflarda “BOBUR” degan yozuv mavjud. Koʻkrak nishonining orqa tomonida esa Davlat gerbi tasvirlangan.

Shuningdek, uning qadagʻichidagi qizil, moviy, sariq ranglardagi shoyi lenta ham oʻz maʼnosiga ega boʻlib, u Zahiriddin Muhammad Bobur asos solgan davlat bayrogʻining ranglarini tasvirlaydi.

Ulashish