“Xalq yuragi” hujjatli filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi

Adiblar xiyobonida “Oʻzbekkino” Milliy agentligi tomonidan “Cinema Days-2020” kino kunlari doirasida tadbir oʻtkazildi.

hujjatli film
uzbekkino.uz

Tadbirda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri A. Qirgʻizboyev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari M. Mirzo, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi S. Sayyid va “Oʻzbekkino” MA direktori F.Abduxoliqov va boshqalar Adiblar xiyobonida yaratilgan bunyodkorlik ishlar haqida gapirdi. Yozilayotgan asarlar, yaratilayotgan filmlar ulugʻ adiblar hayotini, boy adabiyotimizni abadiyatga muhrlashga xizmat qilishi eʼtirof etildi.

Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan oliy oʻquv yurti rektorlari, yozuvchi-shoirlar, kinoshunoslar, yosh ijodkorlar va ommaviy axborot vositalari ishtirokidagi tadbirga yigʻilganlarga Yozuvchilar uyushmasi tomonidan kitoblar taqdim etildi.

Rejissyor Shohruh Rasulovning xiyobon va unda haykallari oʻrnatilgan shoir va yozuvchilarga bagʻishlangan “Xalq yuragi” nomli hujjatli filmi namoyish etildi.

Film ikki oy muddatda yaratilgan. Unda Adiblar xiyobonining yangi qiyofasi, odamlar kayfiyati badiiy ifoda etilgan. Rang-barang kadrlar, texnologiya, zamonaviy kiyingan insonlar hujjatli filmning zamon bilan hamnafasligiga ishoradek.

Film namoyishidan soʻng xiyobonda qad rostlagan 24 nafar ijodkor haqida turkum hujjatli film ishlanishi va uning asosiy konsepsiyasi yigʻilganlarga maʼlum qilindi.

Hujjatli film yutuq-kamchiliklari muhokama qilindi.

Ulashish