Doniyor Gʻaniyev: Kimni aldayapsiz, janob vazir?!

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor Gʻaniyev shaxsiy telegram kanalida Xalq taʼlimi vazirligining maktablar ochilishi boʻyicha oʻsha hududdagi Mahalliy Kengashlarning qaror qabul qilishiga doir xabarlariga munosabat bildirdi.

Doniyor Ganiyev Shermatov

“Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatovga koʻra, Mahalliy Kengashlarning oshib borayotgan vakolati maktablar ochilishi boʻyicha toʻgʻri qaror qabul qilishlariga imkon beradi. Lekin aslida ham shundaymi? Haqiqatda ham amaliyotda Mahalliy Kengashlarda shunday qaror qabul qilish vakolati bormi?

Hammamiz yaxshi bilamizki Mahalliy Kengashlar raislari oʻsha hududlarning hokimlari hisoblanadi. Hokimlar uchun esa Mahalliy Kengash qarori asosida ish tashkil etish emas, balki yuqoridan kelgan topshiriq ijrosini taʼminlash muhimroq hisoblanadi. Shunday ekan, farzandlarimiz hayoti, sogʻligʻiga oid muhim qarorni aslida hech qanday vakolati, taʼsir kuchi yoʻq Mahalliy Kengashlar hal qiladi deb kimni aldayapsiz, janob vazir? Oʻzingiznimi yo jamoatchiliknimi?

Menga bu koʻproq Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan masʼuliyatdan qochish, ehtimoliy xatoni oldindan sugʻurtalash uchun oʻylab topilgan bir taktikadek tuyulmoqda. Chunki bugungi noaniq epidemiologik vaziyatda oʻquv yilini anʼanaviy shaklda boshlash nihoyatda xavfli (riskli) qaror ekanligi hamda katta ehtimol bilan bu qaror oʻzini oqlamasligini taxmin qilish qiyin emas.

Shu bois, Xalq taʼlimi vazirligi aqlli “yurish” qilib, masʼuliyatni oʻz zimmasidan soqit qilib, uni Mahalliy Kengash deputatlari zimmasiga yuklashni maʼqul koʻrmoqda.

Umuman olganda, oxirgi paytlarda goʻyoki Mahalliy Kengashlar vakolatini oshirish fonida aholi eʼtirozlariga eng koʻp sabab boʻladigan muammoli masalalar boʻyicha qaror qabul qilish (masalan, yer uchastkalarini olib qoʻyish, mahalliy byudjetni tasdiqlash) vakolatini “qogʻozda” Mahalliy Kengashlarga berish tendensiyasi kuzatilmoqda. Garchi bu oʻzgarishlar demokratik jihatdan toʻgʻri qadam boʻlsa-da, lekin amaliyotda bu muammolarni yechilishidan koʻra, ularni battar gazaklab ketishiga xizmat qiladi, xolos. Toki, hokimlar bir paytni oʻzida Mahalliy Kengash raisi vazifasini bajarish amaliyotiga chek qoʻyilmas hamda ularga ijro hokimiyati organlari vakillari boʻlmagan nomzodlar saylanmas ekan, Mahalliy Kengash vakolatlarini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan barcha harakatlar faqat quruq, balandparvoz gap boʻlib qolaveradi.

Maktablar ochilishiga qaytadigan boʻlsam, menimcha, epidemiologik vaziyat yuqori choʻqqisiga chiqqan yoki chiqib kelayotgan hududlar (hozirda asosan vodiy viloyatlari)da bu qaror biroz kechiktirilishi, hech boʻlmasa ushbu hududlarning markaziy, katta shaharlarida maktablar faoliyati hozircha yoʻlga qoʻyilmay turishi kerak.

Chunki koronavirus va pnevmoniya infeksiyasi bilan kasallanish keskin oshib borayotgan bir paytda, farzandlarimiz hayotini yoki ular infeksiya tashuvchi sifatida yoshi katta, hamroh kasalliklari bor oila aʼzolarining hayotini xavf ostiga qoldirish ehtimoli maktablarni shoshib ochishga arzimaydi”, deb yozdi deputat Gʻaniyev.

Ulashish