“Alo-o, Buxoro-o”

Biror viloyatga zarur qoʻngʻiroqni amalga oshirmoqchi boʻlsak, bogʻlana olmay “Alo-o, Buxoro-o” deb xunob boʻlamiz, eng avval aloqa operatorlariga “rahmat”lar yogʻdiramiz.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Buxoro viloyatida aloqa operatorlarining ishlashi boʻyicha monitoring natijalarini tahlil qildi.

Buxoro tumani

Monitoringga koʻra, 15 ta mahalladan tashkil topgan tumanning mobil aloqa holati afsuski, havas qilgulik darajada emas, faqatgina “Galaosiyo ” va “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻinida barcha kompaniya aloqa holati talabga javob beradi. Ammo qolgan 13 ta mahallada aloqaning darajasi past.

Kogon tumani

Tumanning “Beklar” va “Istiqbol” mahallalarida Ucell aloqa operatori aʼlo darajada ishlaydi. Ammo qolgan mahallalarda sifat darajasini oshirish lozim.

Uzmobile ham har qalay ikkita, “Beklar” va “Oʻba choʻli” mahallalarida ishlab turibdi, qolganida esa mavjud emas.

Beeline kompaniyalari esa hech bir mahallada aloqaga chiqmaydi.

Mobiuz aloqa operatori “Xoʻja yakshanba” mahallasiga beminnat xizmatda-yu, qolganlariga qoʻl siltab qoʻygandek.

Kogon shahar

Aniqlanishicha, 6 ta mahalladan tashkil topgan ushbu moʻjaz shahar hududidagi mahallalarda Perfectum mobil aloqa operatori mutlaqo mavjud emas.

“Maxtumquli” mahallasida Uzmobile, Beeline, Ucell aloqa operatorlari tomonidan mijozlarga koʻrsatilayotgan xizmat qoniqarsiz holatda.

“Boburshoh” mahallasida Mobiuz,Ucell aloqa operatorlaridan tashqari barcha kompaniya xizmatlari talab darajasida emas.

“Amirabot” mahallasi hududida esa faqatgina Mobiuz ishlash sifati yuqori, qolgan aloqa xizmatlari mutlaqo sust.

“Zirabod” mahallasi hududida esa Beelinening ishlashi talab darajasida emas.

“Beruniy” mahallasida Beeline va Ucell mobil aloqa operatorlari faoliyati sifatini oshirishi zarur.

“Turon” hududida esa barcha mobil aloqa kompaniyalari xizmatlari sifatsiz ekanligi kuzatildi.

Jondor tumani

Jondor tumanidagi 7 ta mahallaning hech birida aloqa holati yaxshi emas!

Olot tumani

Bu hududdagi holat birmuncha moʻtadil.Ishlamaydigan aloqa kompaniyasidan koʻra ishlaydigani koʻproq. Ammo aʼlo deb boʻlmaydi. Sababi, “Kirlishon” va “Xalqobod” MFYda Mobiuz aloqa operatoriga umuman ulanishning imkoni yoʻq.

Ucellʼni esa deyarli barcha mahallada holati maqtagulik.

“Nurobod”, “Pikochki”, “Davlatboy”, “Oqoltin”, “Maʼrifat” va “Jayhunobod” mahallalarida Uzmobile aloqa holati sust.

Perfectum esa 38 ta mahallaning 21 tasida yaxshi ishlaydi qolganlarida talabga javob bermaydi.

Beeline esa faqat 8 ta MFY da qoniqarli emas. Qolganlarida ishlab turibdi.

Qorakoʻl tumani

Tumandagi barcha mahalladagi aloqa muvofiq tarzda yoʻlga qoʻyilgan.

Shofirkon tumani

35 ta mahalladan iborat ushbu katta tumanda Perfectum va Mobiuz aloqa sifatini koʻngildagidek deb boʻlmaydi.

Gʻijduvon tumani

Perfectum operatorida tumandagi hech bir mahallada aloqa yoʻq.

Mobiuz esa deyarli tumanning yarmiga xizmat koʻrsatmaydi (20 ta MFY dan 11 tasida mavjud emas).

Qolgan kompaniya mobil aloqalari harqalay tuzuk.

Romitan tumani

49 ta mahalladan tashkil topgan tumanning 31 tasida Perfectumda aloqa yoʻq.Sanoqli uchta mahallada yaxshi ishlaydi. Ammo qolganlarida sust.

Mobiuz esa uchta mahallada mavjud emas. Qolganlarida harqalay bor.

Ucell operatorida deyarli barcha mahallada aloqa mavjud.

Qolgan kompaniyalar ham sifatga eʼtibor qaratishlari zarur.

Peshku tumani

“Toshmachit” va “Urganjiyon” mahalla fuqarolar yigʻinida Uzmobile va Mobiuz yaxshi ishlamaydi. Perfectum esa mavjud emas. Qolganlari esa talabga javob beradi.

Qorovulbozor tumani

4ta mahallani oʻz ichiga olgan bu ixcham hududda deyarli hech bir kompaniya aloqasi yaxshi ishlamaydi.

“Bunday holatlarga balki xalqimiz koʻnikib qolgandir. Ammo, befarqlik va atrofdagi narsalarga xotirjam munosabatda boʻlish taraqqiyotning aynan kushandasi hisoblanadi. Mobil aloqa kompaniyalaridan esa vazifasiga nisbatan yana-da vijdonan yondashishini kutib qolamiz”, deyiladi federatsiya xabarida.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq federatsiya Surxondaryo viloyati bo`yicha aloqa operatorlarining ishlashi boʻyicha monitoring natijalarilini e’lon qilingan edi.

Ulashish