Hukmdorning yelkasiga oyoq bosilsa…

Abbosiylar davlatining eng kuchli xalifalaridan boʻlmish Xorun ar-Rashidning (786-809) boshqaruv davrlariga oid ibratli hayotiy hikoyalar juda koʻp. Bugun eʼtiboringizga ana oʻsha hayotiy voqealardan biri – barcha davrlar uchun birdek ibratli boʻlgan; hushyorlik – har bir davrning talabi ekanini isbotlaydigan tarixiy voqeani havola etmoqdamiz.

unnamed (3)
Foto: Oursociety.ru

Xabaringiz boʻlsa kerak, Xorun ar-Rashidning Yahyo ibn Xolid ismli mashhur vaziri aʼzami, murabbiyi boʻlgan. Yahyo ibn Xolid – Barmakiylar avlodidan edi. Xoʻsh, Barmakiylarning oʻzi kim edi?

Barmakiylar – abbosiy xalifalarning mashhur vazirlari mansub boʻlgan buyuk bir sulola boʻlib, sulolaboshi Barmak otashparastlardan edi va Islomdan oldingi davrlarda Afgʻonistonning Balx shahridagi Navbahor monastirida rohiblik qilar, shuningdek, munajjimlik, tabiblik bilan ham shugʻullanardi. Xuroson voliysi Qutayba ibn Muslim boʻlgaga sohib chiqqanidan soʻng Barmak Shomga joʻnatilib, saroy hakimi etib tayinlanadi. Uning oʻgʻli Xolid musulmon boʻlib, Paygʻambar alayhissalomning amakilari Abbos ibn Abdulmuttalib zurriyodlari boʻlmish Abbosiylar davlati shakllanishida katta jonbozlik koʻrsatadi. Uning bu gʻayrat va fidokorliklarini abbosiy xalifa Abul Abbos as-Saffoh munosib taqdirlaydi: Xolid Barmakiyni avvaliga oʻziga bosh kotib etib oladi. Xolid bir muddatdan soʻng Baytul mol boshqaruvchisi etib tayinlanadi va yana ozroq vaqtdan keyin bosh vazir boʻladi. Idora ishlarida xalqning mehr-muhabbatini, ishonchini qozonadi.

Ana oʻsha Xolid Barmakiyning oʻgʻli Yahyo — Xorun ar-Rashidning eng yaqin odami, murabbiyi edi. Xorun ar-Rashid hatto uni ota deb chaqirardi. Yahyo Barmakiyning Fozil, Jaʼfar, Muso va Muhammad ismli oʻgʻillarini oʻzining yaqin ogʻaynilari deb bilardi. Xorun ar-Rashid xalifalik taxtiga oʻtirgach, Yahyo Barmakiyni vaziri aʼzam etib tayinlaydi. Uning oʻgʻli Jaʼfarga – Misr voliyligini; Fozilga esa Xuroson voliyligini topshiradi.

Bir qoʻli – moyda, bir qoʻli – bolda!

Xorun ar-Rashid davrida Barmakiylar xonadonining nufuzi ortgandan ortdi. Chunki xalifa ularga juda katta imtiyozlar bergandi: Barmakiylar qoʻshinlarga qoʻmondonlik qilishar, fitnalarni bostirishar, Baytul mol boshqaruvida ishtirok etishar, mansab taqsimotida ularning fikri albatta inobatga olinar, qisqasi, bu sulola vakillari har sohada peshqadam edilar. Ular xalifaning bosh maslahatchilari, eng yaqin sirdoshlari hisoblanib, uning huzuriga istalgan vaqtda, hatto iznsiz kira olardilar.

Xorun ar-Rashid boshqaruvi davrida Barmakiylar aralashmagan soha yoʻq edi. Xalq ichida ularning obroʻsi shu qadar katta ediki, juda koʻp odamlar bu sulolaga qarindosh boʻlishni oʻzlariga sharaf deb bilishardi.

Barmakiylar davlatga xizmat qilish barobarida oʻzlarini ham unutishmasdi, oʻz manfaatlari yoʻlida har qanday toʻsiqni yengib oʻtishardi.

Yahyo ibn Xolid Barmakiyning toʻplagan boyligi haqidagi mish-mishlar xalq orasida doston boʻlib ketgandi. Uning oʻgʻli Jaʼfar ibn Yahyo bilan Xorun-ar-Rashid juda qalin doʻst edilar. Ana oʻsha Jaʼfar – Barmakiylar avlodidan chiqqan toʻrtinchi – eng soʻnggi vazir boʻldi. Vazirlik davrida Jaʼfar Barmakiy otasi va bobolaridan koʻra koʻproq shuhrat qozondi. Odamlar uni “Bir qoʻli – moyda, bir qoʻli — bolda” deb taʼriflashardi. Uning saʼy-harakatlari bilan saroy ichi-yu tashidagi barcha katta-kichik amallar faqat Barmakiy avlodiga mansub boʻlganlarga taqsimlab berildi.

Jaʼfar Barmakiy xalifa huzuriga iznsiz kirib bora olardi. Xorun ar-Rashid unga juda ishonardi.

Jaʼfar Barmakiy hokimiyatni mutlaq qoʻlga kiritish yoʻlida oʻta ehtiyotkorlik bilan, odim-odim ilgarilab borayotgan edi. Hammasi silliq kechayotgan edi. Agar oʻsha – bittagina meva voqeasi boʻlmaganida…

Haqiqatning oshkor boʻlishi

Baʼzi arab manbalarida oʻsha mevani – uzum deb; turk manbalarida esa olma deb yozishadi. Keling, biz ham olma deya qolaylik, vaholanki, meva turining bu yerda hech qanday ahamiyati yoʻq.

Xullas, Xorun ar-Rashid oʻsha kuni Jaʼfar ibn Yahyo bilan saroy atrofidagi mevazor bogʻlardan birida sayr qilib yurardi. Sarxil mevali daraxtlarga qarab koʻzi quvnab borayotgan xalifaning koʻngli olma tusab qoldi. Oftobda yaltirab turgan olmalardan birini shundoqqina shoxidan uzib olmoqchi boʻlib qoʻl uzatdi, ammo yetolmadi. Keyin Jaʼfar ibn Yahyoga yuzlanib:

– Qani, Jaʼfar, mening yelkamga chiqib, shu olmani uzib bergin-chi, — deya bir oyogʻi bilan tizzaladi. Jaʼfar Barmakiy hech ikkilanmasdan xalifaning yelkasiga oyoq qoʻyib, oʻsha olmani uzdi. Xalifa olmani yeyarkan, “Bay-bay, buning shirinligini qara-ya! Tezda menga bogʻbonni chaqir, unga bu mehnatlarining mukofotini beray”, — dedi. Bu vaqtda bogʻbon boʻlayotgan voqealarni hayrat bilan kuzatganicha, sal nariroqda turgan edi. Xalifaning chorlovini eshitgach, egilib-bukilgan koʻyi yaqinlashdi.

– Buyuring, hukmdorim! Xizmatingizdaman! – dedi ovozi titrab.

– Sen juda mohir bogʻbon ekansan, — dedi Xorun ar-Rashid mamnun ovozda. – Buning mukofotini olishing kerak. Qani, nima istaging bor mendan? Tila tilagingni!

Bogʻbon xalifaning yonginasida gerdayib turgan Jaʼfar ibn Yahyoga tezgina koʻz tashlab oldi va:

– Aslida Sizdan hech bir tilagim yoʻq edi, hukmdorim, — dedi. – Adolatli davlatingiz soyasida hech kamchiliksiz yashab yuribman. Lekin, hozir…

Bogʻbonning taraddudlanib qolganini xijolatga yoʻygan xalifa unga dalda berdi:

– Hech tortinma! Istagan narsangni soʻra, bajo keltiraman!

– Unday boʻlsa, mening Barmakiylardan emasligim haqida hujjat yozib, muhr qoʻyib bersangiz, hukmdorim…

Xorun ar-Rashidning bu kutilmagan istakdan aqli shoshdi. Jaʼfar ibn Yahyo esa jahldanmi, uyatdanmi, qip-qizarib ketdi.

– Demak, sen bizning avloddansan-a? – dedi biroz gʻazab bilan, hukmdor huzurida uning ruxsatisiz gapirish mumkin emasligini unutgandek.

Odob bilan qoʻl qovushtirganicha, yerdan koʻz uzmay turgan bogʻbon unga emas, podshohga qarab javob qildi:

– Men Barmakiylardanman. Lekin hozir menga ulardan emasligim haqida hujjat berishingizni istayman, hukmdorim. Boshqa tilagim yoʻq…

– Qiziq, — dedi hukmdor va soqolini tutamlab, bir muddat oʻyga toldi. Keyin oʻz-oʻziga gapirgandek, past ovozda: — Qancha-qancha odamlar Barmakiylarga qarindosh boʻlish uchun jahd qilib yotgan bir vaqtda sen bu shajaradan voz kechmoqchisan… Juda qiziq…

Bogʻbon boshini yana-da quyiroq egdi.

– Xoʻp, mayli, — dedi Xorun ar-Rashid Jaʼfar ibn Yahyoga qarab kulimsirarkan. – Bu bogʻbonning qarori qatʼiyga oʻxshaydi. Biz ham soʻzimizda turamiz, unga istaganini beramiz.

Hukmdorning bir imosi bilan oʻsha yerning oʻziga kotib chaqirilib, bogʻbon istagan hujjat tayyorlab berildi.

Aqli boshiga keldi

Oradan kunlar oʻtdi. Bogʻbonning gʻalati istagi Xorun ar-Rashidga tinchlik bermay qoʻydi. Kun-u tun buning sababi xususida oʻylanarkan, koʻp narsalarni anglagandek boʻlardi. Jaʼfar ibn Yahyoning xatti-harakatlari, gap-soʻzlariga aql koʻzi bilan qarab, uning davlat boshqaruvidagi rolini taftish qilarkan, koʻz oʻngida xiyonatkor vazirning niqobi yechilib, asl maqsadi namoyon boʻla boshladi. Qanchalik ustomon va ayyor ekan bu Jaʼfar!

Hukmdor uning: “Kaʼbaning ichida doimiy olov yoqishni joriy qilaylik. Shunday qilsak, Kaʼba ichidan atrofga nur yogʻilib turardi…”, degan taklifini esladi. Oʻshanda bu taklifga unchalik eʼtibor qilmagan edi, endi anglasaki, Jaʼfar shu yoʻl bilan otashparastlikni yashirincha davom ettirmoqchi boʻlgan ekan.

Xorun ar-Rashid oʻz xufyalariga Barmakiylarning har bir qadamini nazorat qilishga, ularga oid hamma narsani yashirincha tekshirishga, taftish qilishga topshiriq berdi. Barmakiylarni xushlamaydigan vazirlarni huzuriga chorlab, ularning bu sulola vakillari va shaxsan Jaʼfar ibn Yahyo haqida bilganlarini soʻrab-surishtirdi, ular haqidagi fikrlarini tingladi. Ayni voqea bitilgan tarixiy bitiklardagi ibora bilan aytadigan boʻlsak, “koʻzlari koʻrib, quloqlari eshita boshladi, aqli boshiga keldi”. Oqibatda nimalar ayon boʻlmadi deysiz!

Xalqning noroziliklari, mish-mishlar bekorga chiqmaganiga amin boʻldi. Barmakiylar Abbosiylar davlatini bir oʻrgimchak misoli oʻz toʻriga oʻrab olganini angladi. Boshqaruv tizgini ularning qoʻliga deyarli oʻtib boʻlgan edi – ular davlat ichida davlat qurgan edilar!

Vazirlardan birining guvohligi hammasiga soʻnggi nuqtani qoʻydi. U Jaʼfar ibn Yahyoning kichik bir izdihomdagi gaplarini soʻzma-soʻz aytib berdi.

– Abbosiylar boshqaruvni oʻz qoʻllariga olgan vaqtlarida juda koʻp ummaviyning qonini toʻkdilar, — degan edi oʻshanda Jaʼfar. – Kun keladiki, oʻsha qatl etilganlarning qonlaridan intiqom daraxti oʻsib chiqadi va achchiq meva bera boshlaydi. Yaʼni, Abbosiylar hukmronlik oʻz qoʻlimizda deb biladilar, lekin tizgin Ummaviylarda boʻladi. Mana buning otini siyosiy mahorat deydilar. Bu mahorat esa bizdadir!..

Oʻsha kuni Xorun ar-Rashid Barmakiylarga mansub erkaklarning hammasini qilichdan oʻtkazishga, qariyalarini zindonband etishga, mol-mulklarini davlat hisobiga musodara qilishga buyruq berdi. Amr ado etildi. Eng birinchilardan boʻlib Jaʼfar Ibn Yahyoning boshi tanasidan judo qilindi. Uning otasi Yahyo Barmakiy esa bir yil zindonda yotib, ogʻir kasallikdan oʻldi. Dunyoga dovrugʻ solgan sulola shu tariqa yoʻq etildi.

“Falokatni oldindan koʻrgan edim…”

Xoʻsh, bogʻbonning taqdiri nima kechdi?

– Hukmdorim, amringizga muvofiq barcha Barmakiylar qatl qilindi, lekin bittasiga tegolmadik. Uning qoʻlida Barmakiy emasligi haqida oʻzingiz tasdiqlab bergan hujjat bor ekan, — dedi amr ado etilgach, hukmdorga hisob berishga kelgan yangi bosh vazir.

– Men taniyman uni! Bogʻbon u! – Xitob qildi hukmdor. – Darhol huzurimga keltiringlar!

Bogʻbonni huzuriga keltirganlarida Xorun ar-Rashid uni savolga tutdi:

– Sen hammasini bilarding-a? Hammasidan xabardor eding, shundaymi?

– Meni avf eting, hukmdorim, — dedi bogʻbon. – Mening bu hiyla-yu fitnalardan aslo xabarim yoʻq edi.

– Lekin sen Barmakiylarga mansublikdan voz kechishni istading. Bejiz emasdir bu?

– Albatta bejiz emas, hukmdorim. Oʻsha kuni vaziri aʼzamning Sizning yelkangizga oyoq bosganini koʻrganimda, bu sulolaning paymonasi toʻlganini, xatar yaqinligini angladim.

– Lekin undan yelkamga chiqib, olma uzib berishini oʻzim soʻradim. U oʻzicha bu ishni qilgani yoʻq, — dedi Xorun ar-Rashid.

– Podshohning bunga izn berishi — samimiylik va olijanoblikdir! — dedi bogʻbon. – Ammo hech kimning podshoh ustiga oyoq bosishga haqqi yoʻq! Faqat haddini bilmaydiganlar, davlati oliyani hurmat qilmaydiganlar, oʻzini podshohdan ham ustun va aʼlo sanaydiganlargina bunga jazm qila oladi. Agar Jaʼfar Barmakiy shulardan biri boʻlmaganida, Siz istasangiz ham yelkangizga oyoq qoʻymagan boʻlardi. U mening oʻsha atrofda ekanimni koʻrgan edi, demak, meni chaqirib, olmani uzib berishimni soʻrashi kerak edi, ammo u bunday qilmadi. Men oʻshanda Barmakiylarning falokati yaqin ekanini tushundim va Sizdan bularga mansub emasligim toʻgʻrisida hujjat berishingizni soʻradim. Chunki adolatli podshohdan ustun kelishni istaganlarni, uni oyoqosti qilmoqchi boʻlganlarni muqarrar halokat kutadi!..

Oʻsha kuni Xorun ar-Rashid bu zakiy bogʻbonga saroydan bir lavozim tayin etdi. Va shahzodalarga shunday nasihat qildi:

– Aziyatlar odamning yaxshi koʻrgan eshigidan kirganidek, eng katta sinovlar ham oʻzingizga yaqin tutgan odamlaringiz orqali keladi. Qoʻl ostingizdagi davlatni bexatar idora qilmoqchi boʻlsangiz, avvalo yaqiningizdagi odamlardan ehtiyot boʻling! Mabodo ularning xiyonatini sezsangiz, xalq va davlat xavfsizligi uchun ularni ayab oʻtirmang, hatto ota qatorida boʻlsalar ham!..

Dilfuza KOMIL

 

 

Ulashish