ESHAKLIKDAN QUTULMASANGIZ…

Bir qishloqning keksa ayilchisi (eshakning “egari”ni yasovchi usta) omonatini Haqqa topshirdi. Bundan quvongan eshaklar qishloq maydoniga to‘planib, bayram boshladilar. Yeb-ichdilar, raqsga tushdilar. Faqat bittagina keksa eshak hech kimga qo‘shilmay, to‘daning bu holini uzoqdan jimgina kuzatib turardi. Yosh eshaklarning biri uni ko‘rib qolib, oldiga bordi va:
– Sizning hech narsadan xabaringiz yo‘q shekilli. Ayilchi usta o‘ldi, – dedi.
Keksa eshak pinagini ham buzmadi.

Eshak
turmush.kg

– O‘lsa o‘libdi-da! Shunga bayram qilish kerakmi?– dedi.
– Iye, nega bayram qilmaylik? – dedi yosh eshak hayratlanib. – Endi sirtimizga egar uradigan yo‘q. Bundan buyon yelkamiz yag‘ir bo‘lmaydi. Ozodmiz, erkinmiz endi!
– Tavba-tavba! Ozod emish bular! Erkin emish! – kinoya bilan kuldi qari eshak. – Hech esingiz kirmas ekan-da! O‘lgan usta harqalay har birimizni tanirdi, har birimizning o‘lchovimizni bilardi, bizga sirtimizni yara-chaqa qilmaydigan, o‘zimizga mos, qulay egarlar yasab berardi. Erta-indin uning o‘rniga boshqa bir egar-jabduqchining kelishi aniq. U to bizning o‘lchovlarimizni to‘g‘ri olishni o‘rganmagunigacha yelkamiz yag‘ir, sirtimiz yara-chaqa bo‘lib, adabimizni yeymiz. Aqlingiz bo‘lsa, egarchidan emas, eshaklikdan qutulmoq yo‘lini axtaring. Toki eshakligingizcha qolar ekansiz, sirtingizga egar uradiganlar albatta topiladi!..

Turk tilidan Dilfuza KOMIL tarjimasi

Ulashish