“Eshakli kutubxonachi” ibrati

Nemis xalqining buyuk shoiri va faylasufi Gyote “Mutolaa – kuchli sanʼatdir”, degan edi. Bu kuchli sanʼatni egallamoq kishidan kuchli aql va oliy toifadagi farosatni talab etadi, ayniqsa, ongimizni turli xil seriallar, kinofilmlar, konsertlar va shoular tinimsiz “bombardimon” etib turgan bir davrda.

Eshakli kutubxonachi

Maʼno-mantiqsiz filmlardagi kadrlardan, sanʼatni oyoqosti qilayotgan kuy-qoʻshiqlardan, beparda qiziqchiliklardan yengil zavq olishga oʻrgangan, miyasi dangasalikka moyil kishilarni mutolaaga jalb qilish oson emas. Bu vazifa kishidan katta fidoyilikni talab etadi. Ayni masaladagi fidoyilik haqida gap ketganida, qardosh Turkiyada “Eshakli kutubxonachi”nomi bilan mashhur boʻlgan Mustafo Goʻzalkoʻz ibrati yodimga kelaveradi. Bu goʻzal qalbli insonning ibratli hayoti, millatidan qatʼiy nazar, ziyo istagan barcha insonlar uchun namuna va ibrat boʻlarlidir.

…Oʻshanda 1943-yil edi. U vaqtlarda yosh yigit boʻlgan Mustafo GoʻzalkoʻzNavshahar provinsiyasining Oʻrgup shahridagi “Tahsin ogʻa” nomli katta kutubxonaga kutubxonachi etib tayinlanadi. Bolaligidan mutolaaga mehr qoʻygan Mustafo hayajon bilan bir kun kutar, ikki kun kutar, besh kun kutar, kutubxonaga kelguvchi yoʻq. Kutubxonachimiz atrofdagi doʻkonlarga, hunarmandlarning ustaxonalariga kirib, u yerdagilarni mutolaaga daʼvat qilar, “Axir shuncha nodir kitoblar chang bosib yotibdi, oʻqimaslik ayb! Keling, ozgina vaqt ajrating, oʻqing, ikki dunyo saodatini toparsiz”, der, ammo odamlar unga quloq osmaslar. “Biz kitob oʻqib oʻtirsak, bolalarimizni kim boqadi? Tirikchilik nima boʻladi? Kitob oʻqish — tashvishi yoʻqlarning ishi”, derlar…

Mustafo hokimiyatdagi maʼmurlarga ahvolni bildirganida, ular:

– Ey, nima qilasan boshingni ogʻritib?! Joyingda tinchgina oʻtiravermaysanmi! Maoshingni vaqtida olayotgan boʻlsang, shinamgina, sokingina ish joying boʻlsa, senga yana nima kerak? Nima, kutubxonaga odamlar kelsa, maoshing ortib qolarmidi! U kutubxonaga necha yillardan beri birov borib, kitob olmaydi. Sen behudaga jon kuydirma, bizlargayam tashvish orttirma. Oʻqish-oʻqimaslik – shaxsiy masala. Kerak boʻlsa, oʻqishsin. Oʻqishmasa, sadqayi sar! – derlar.

Mustafo bu gaplardan ogʻrinib, odamlarni mutolaaga jalb etish yoʻllarini izlay boshladi. Har davrda boʻlgani kabi, u davrdagi oʻz ishiga sovuqqon, kibrli amaldorlarning qabuliga kirish va ulardan amaliy yordam olish ham oson ish emas edi.

Mustafo oʻzi jahd qilgan ish haqida rafiqasiga soʻylaganida, ayolning hayrati ortar:

– Telba boʻlibsiz! Bu boʻladigan ish emas. Hech natija chiqarolmaysiz, — derdi. Ammo Mustafo oʻz qarorida sobit qoldi. U tund yuzli, kibrli, chiroyli boʻyinbogʻ taqib, kabinetda tamaki burqsitib oʻtirishni qoyillatadigan, “bizga islohotlar kerak emas, tinchgina maoshimizni olib yursak boʻldi”degan fikrda boʻlgani uchun ham xalqqa ikki pullik foydasi tegmaydigan amaldorlarning qabuliga qatnay-qatnay, oʻziga bitta eshak ajratib berilishiga erishdi. Keyin har biriga yuztadan kitob sigʻadigan ikkita sandiq yasattirib, sandiqlarning ustiga “Sayyor kutubxona xizmati” deya yozdirdi. Kutubxona eshigiga “ish kuni: dushanba va juma”deya yozdirdi-da, oʻzi sandiqlarni kitoblarga toʻldirib, qishloqma-qishloq keza boshladi. Mustafo oʻzini qiziqish va hayrat bilan qarshilayotgan qishloq odamlarini bir joyga toʻplar, ularga sandigʻidagi kitoblarni sharhlab berar ekan:

– Bu kitoblarni sizlarga oʻqish uchun tashlab ketaman. Roppa-rosa oʻn besh kundan soʻng ularni olgani kelaman va oʻrniga boshqa kitoblar keltiraman. Sizlar esa oʻqigan kitoblaringizdan olgan taassurotlaringizni men bilan oʻrtoqlashasizlar, — derdi.

Jonkuyar kutubxonachi shu taxlit oʻnlab qishloqlarni kezib, kitob va mutolaa targʻibi bilan shugʻullandi. Uning ovozasi uzoq-uzoqlarga tarqaldi. Qishloq odamlari, ayniqsa, bolalar Mustafoning tashrifini ilhaq boʻlib kutishar, uning turli asarlar haqida beradigan maʼlumotlarini, kitoblardagi voqealarning qisqacha bayonini jon quloqlari bilan tinglashar, oʻzlari oʻqigan asarlardan olgan taassurotlarini soʻzlab berishar va yana yangi kitoblar olishga oshiqishardi. Mustafo Goʻzalkoʻzning saʼy-harakatlari tufayli Kapadokiyaning chekka qishloqlaridagi bir necha yuzlab odamlar turk va chet el adabiyotining nodir asarlarini oʻqib, magʻzini uqish baxtiga muyassar boʻldilar. Davlat maʼmurlari shinam kabinetlarda hech bir amaliy ish qilmay, behuda qogʻozbozlik bilan kunni kech qilib, maosh olayotgan bir paytda Mustafoning Yuksal laqabli eshagi egasi bilan birgalikda yozning jaziramasida ham, qishning qahratonida ham ustiga ikki yuztalab kitob ortilgan holda qishloqma-qishloq ziyo tarqatib, yegan yem-xashagini ortigʻi bilan oqlardi…

Yemishini oqlagan eshak, ishonchni oqlamagan amaldorlar…

 Oradan vaqtlar oʻtib, odamlar Mustafo boshqaradigan kutubxonaga ham kela boshladilar. Kutubxonachimiz bundan behad xursand boʻlgan boʻlsa-da, qiz-ayollarning kutubxonaga kelmayotgani koʻnglini xijil qilardi.

– Axir qiz-ayollar — kelajak avlod tarbiyachilari. Kelajak avlod taqdirini kitob oʻqimaydigan onalar qoʻliga topshirib boʻladimi?! – deya kuyinardi u rafiqasiga.

– Ularning aksariyati tikish-bichish bilan shugʻullanishadi, — dedi rafiqasi bir kuni. – Asosan qoʻlda tikadilar, shuning uchun ham kitob oʻqishga vaqt orttirishlari qiyin…

Mustafo Goʻzalkoʻz oʻylay-oʻylay, tikuv mashinalari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar – “Zenit”va “Zinger”ga maktub yoʻlladi. Maktubda qishloqlardagi ahvolni, oʻzining faoliyat yoʻnalishini va maqsadlarini bayon qilar ekan, “Agar bizga tikuv mashinalaringizdan hadya qilsangiz, kompaniyangizning nomini kutubxonamizning peshtoqiga yozib qoʻyamiz, odamlarimiz sizlarning bu yaxshiligingizni umrbod unutishmaydi”, dedi. Soddagina kutubxonachining bu samimiy soʻzlari katta kompaniya egalarini taʼsirlantirmay qolmadi: “Zenit” kompaniyasi toʻqqiz dona, “Zinger” kompaniyasi bir dona soʻnggi rusumdagi tikuv mashinasini hadya sifatida yoʻlladi (aytishlaricha, ayni shu hadya bu kompaniyalarning ilk homiylik ishi boʻlgan ekan).

Mustafoning kutubxonaga tikuv mashinalari keltirishdan maqsad-muddaosi nima ekanini anglab turgandirsiz? Ha, adashmadingiz. Kutubxonachimiz haftaning har seshanba kunini “Kutubxonada ayollar kuni”deb eʼlon qildi. U joriy etgan tartibga koʻra, shu kuni kutubxonaga kelgan ayollar tikuv mashinalaridan bir necha soat foydalanish huquqiga ega boʻlardilar, faqat… har haftada bittadan kitob oʻqish va oʻqiganlaridan olgan taassurotlarini boshqalarga aytib berish sharti bilan. Natija Mustafo oʻylaganidan ham ziyoda boʻldi: seshanba kunlari kutubxona atrofdagi mahallalar va yaqin qishloqlardan kelgan qiz-juvonlar bilan toʻlib-toshar, tikuv mashinasi oʻn donagina boʻlgani uchun, turnaqator navbat hosil boʻlar va ayollar ana shu navbat kutish asnosida ham kitob oʻqishardi. Ularning orasida savodsiz, oʻqish-yozishni bilmaydiganlari ham koʻp edi. Mustafo rafiqasi bilan birgalikda bunday ayollarga kitoblarni ovoz chiqarib oʻqib berishar, ularni tinglagan asarlari haqida fikr bildirishga undashar, shu tariqa bu ayollarda ilm olishga, mutolaaga va muomala madaniyatini shakllantirishga ishtiyoq va ragʻbat uygʻotishardi. Bu ayollarda oʻqish-yozishni oʻrganishga boʻlgan istak kuchayganini koʻrgan kutubxonachimiz haftaning bir kunini “Kutubxonada saboq kuni” deya eʼlon qildi va xohlovchilar uchun oʻqish-yozishni oʻrgatadigan kurslar tashkil etdi. Bu kurslarda yuzlab qiz-ayollar savod chiqardilar. Kutubxonachi Mustafo shu bilangina cheklanmadi. Gilam toʻqishga oid eng mukammal yozilgan qoʻllanmalarni topib, ularni oʻzi oʻqib-oʻrgandi va ayollarga yangicha uslubda gilam toʻqishni bosqichma-bosqich oʻrgatuvchi kurslar ham tashkil qildi. Bu kurslarni tamomlagan ayollar oʻz qishloqlariga borib, gilam toʻqishning yangi texnologiyalarini boshqa qiz-ayollarga ham oʻrgata boshladilar. Natijada, hududda gilamchilik shakllanib, tez orada markaziy bozorlarga qoʻlda toʻqilgan, yuqori sifatli gilamlar yuborila boshlandi.

Xalq orasida kutubxonachi Mustafo Goʻzalkoʻzning obroʻsi va shuhrati kundan-kunga oshib borardi. Bundan xushlanmagan amaldor maʼmurlar “Kutubxonachi Goʻzalkoʻz davlat belgilagan maoshdan qoniqmay, pul dardida qishloq odamlarining boshini aylantiryapti”, deya yuqori organlarga shikoyat xati yoʻlladilar. Shikoyat xati yuzasidan kelgan tekshiruvchilar kutubxonachimizning faoliyatidan biror ayb yoki xato topolmadilar, chunki bu fidoyi inson hech bir mehnati uchun hech kimdan bir tiyin ham haq olmasdi, faqat oylik maosh bilangina roʻzgʻor tebratardi. Har qanday yangilik yoki foydali faoliyatni oʻzlari uchun “ortiqcha boshogʻrigʻi”deb biladigan amaldor toʻralar bu bilan tinchimadilar. Nima qilishdi, qanday yoʻl tutishdi, bilmadik, lekin harqalay xalqparvar kutubxonachi haqida sudda daʼvo ochishga erishdilar. Sud “Kutubxonachi Mustafo Goʻzalkoʻz oʻz vakolati doirasidan tashqarida, rasmiy ruxsatsiz faoliyat yuritgan”degan ayblov bilan ellik yoshga yetgan kutubxonachimizni majburiy ravishda nafaqaga chiqarish va faoliyatlarining barchasini toʻxtatish haqida qaror chiqardi.

Mustafo Goʻzalkoʻz Kapadokiyaning barcha shahar va qishloqlaridagi katta yoshli kishilar orasida “Eshakli kutubxonachi”, yoshlari orasida esa “Kutubxonachi Mustafo amaki”nomi bilan afsona boʻldi, faoliyati tillarda doston boʻldi.

U 2005-yilda 85 yoshida vafot etdi. Chin maʼnoda ziyo tarqatgan bu insonga yuzlab kishilar aza tutdilar. Kelajak avlodlar bu ezgu niyatli, fidoyi, jonkuyar insonni unutmasin deya, Navshahar provinsiyasining Oʻrgup shaharchasida kutubxonachi Mustafo Goʻzalkoʻz va eshagining haykalini barpo etdilar.

U hududdan shu kunga qadar necha-necha hokimlar, amaldorlar, deputatlar, siyosatchilar oʻtdi. El-xalq ularning nomini bilsa-biladi, eslasa-eslaydi, boʻlmasa yoʻq. Ammo kutubxonachi Mustafo Goʻzalkoʻz va uning qishloqlarga qishin-yozin kitob tashigan Yuksal laqabli eshagi haqida butun mamlakat biladi.

Xulosa oʻrnida

Odam bolasining ruhini oydinlatmoq, har bir odam ichidagi ZIYOLIni uygʻotmoq uchun unga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatmoqning, haqiqatni bildirmoqning oʻzi kifoya qilmaydi.

Zamonamiz donishlaridan biri odam bolasini koʻmir pechkaga oʻxshatgan edi. Qishda uyini koʻmir pechka bilan isitadiganlar yaxshi bilishadi: agar pechkaning kulini tozalab turmasangiz, vaqti-vaqti bilan uning moʻri karnaylarini isdan tozalash uchun qoqib turmasangiz, yoqqan koʻmiringiz issiqlik bermay, isrof boʻladi. Hatto uyingizga is gazi tarqalishi yoki yongʻin xavfi paydo boʻlishi mumkin. Eʼtiborsizlik tufayli xonumoningizdan ayrilishingiz ham hech gapmas. Shu singari, jamiyat tanazzulga yuz tutmasligi uchun fuqarolarning qalblaridagi “is”larni ham tozalash, hayot va roʻzgʻor tashvishlari tufayli kul bosib qolgan ruhiyatlarda, koʻngillarda maʼrifat chirogʻini yoqish zarur. Bu vazifa, yuqorida aytganimday, kishidan katta fidoyilikni talab etadi.

Bugun har birimiz oʻz mahallamizning, qishlogʻimizning, shahrimizning (xuddi Mustafo Goʻzalkoʻz kabi) ziyo tarqatuvchisi, maʼrifat ulashuvchisi boʻla olishimiz mumkin. Buning uchun, bizdan kuchli istak, aql-farosat, bilim va sabr-bardosh talab etiladi. Bugun shunday fidoyi insonlarga ehtiyojimiz bor. Bugun sumkalaridagi kitoblarning ogʻirligidan beli bukilib ketayozgan yoshlarimizga shu kitoblarni boshga toj aylasa, yuki yengillashini koʻrsatib bera oladigan, zakiy insonlarga ehtiyojimiz bor.

Dilfuza KOMIL

 

Ulashish