“Oʻzbekkino” Milliy agentligida “Hujjatli kino kuni” boʻlib oʻtdi

Kecha “Oʻzbekkino” Milliy agentligida “Cinema Days-2020” kino kunlari doirasida “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan “Hujjatli kino kuni” boʻlib oʻtdi.

Uzbekkino
O’zbekkino

Tadbirda hujjatli kino ijodkorlarini taqdirlash marosimi hamda “Film chizayotgan musavvir”, “Maʼrifatga baxshida umr” hujjatli filmlarining taqdimoti oʻtkazildi.

Doniyor Shokirovning Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, akademik Baxtiyor Nazarov faoliyatiga bagʻishlangan “Film chizayotgan musavvir” hujjatli filmi 30 daqiqa. Shu qisqa vaqt ichida zabardast rassomning Namanganning Nanay qishlogʻidagi bolaligidan tortib, Rossiyadagi tahsili, umuman, faoliyati toʻliq aks ettirilgan. Filmda ijodkorning oilasi, ish faoliyati, umri davomida erishgan yutuqlari oʻzi tomonidan hikoya qilinadi.

Husan Rashidovning “Maʼrifatga baxshida umr” hujjatli filmi yaqin oʻtmish haqiqatlaridan soʻzlaydi. Unda jadidchilik harakati faollaridan biri – maʼrifatparvar arxeolog Muso Saidjonovning mardonavor umr yoʻli aks ettirilgan.

Buxoroda istiqlolchilar harakatiga boshchilik qilgan Muso Saidjonov ilk arxeologlaridan hisoblanadi. Filmda uning oʻzbek milliy arxeologiya tarixiga qoʻshgan hissasi, ilmiy izlanishlari keng yoritilgan.

Maʼlumot uchun: 2020-yilda umumiy qiymati 8 mlrd soʻmlik 30 ta hujjatli film ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan, shu oʻrinda 2019-yilda 2 mlrd soʻm mablagʻ hisobiga 13 ta film ishlab chiqarilgan. Bundan tashqari, qoʻshimcha investitsiya jalb qilgan holda, 5,5 mlrd soʻmlik 20 ta film yaratish rejalashtirilgan. “Oʻzbekkino” MA ishlab chiqarish jarayonida jami 13,5 milliard soʻm byudjetli 50 ta hujjatli film mavjud.

Tadbir soʻnggida, “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tarixi haqida ishlangan maxsus videorolik hamda 2020-yilda suratga olingan filmlarning qisqacha anonslari namoyish etildi.

Ulashish