Korrespondent.uz' ning Telegramdagi  kanaliga a'zo bo'ling!

5-iyul kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda xushnudbek.uz sayti.

Foto: xushnudbek.uz

Xabarda yozilishicha, yig‘ilish kun tartibida bir qancha masalalar ko‘rib chiqilgan, xususan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining o‘rinbosarlari saylangan.

Ittifoqning tashkiliy tuzilmasiga ko‘ra, Markaziy Kengash raisining 6 nafar o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan.

Markaziy Kengash raisining tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlarni ijtimoiy himoyalash va bandlikka ko‘maklashish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida bungacha “Kamolot” YIHning raisi sifatida faoliyat olib borgan Odiljon Tadjiev saylandi.

Xalqaro aloqalar, jamoatchilik bilan ishlash, AKTlarni joriy qilish va turizmni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosar sifatida bungacha Yoshlar tashabbuslari markazi raisi sifatida faoliyat olib borgan Kamoliddin Beknazarov saylandi.

Ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy masalar bo‘yicha o‘rinbosar sifatida bungacha Xotin-qizlar qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi sifatida faoliyat olib borgan Dilnoza Kattaxanova saylandi.

Tashkiliy-kadrlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosar sifatida esa O‘tkirbek Shukurov saylandi. O‘tkirbek Shukurov avval ham “Kamolot” YIHning tashkiliy-kadrlar masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan edi.

Ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosar, “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi sifatida Murodjon Zufarov saylandi. U bugungi kungacha “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat olib borayotgan edi.

Moliya-iqtisod masalalari bo‘yicha o‘rinbosar sifatida bugungacha Hisob palatasida faoliyat olib borgan Suhrobjon Maqsudov saylandi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 30-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida «Kamolot» Yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilot faoliyatini tugatish va uning o‘rnida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingandi. Tashkilot raisi etib Qahramon Quranboyev saylangandi.