Vaziyat nazoratga olingan: Senat Samarqandda ayovsiz kaltaklangan ayol voqeasi yuzasidan munosabat bildirdi

2020-yilning 20-avgust kuni M.ning turmush oʻrtogʻi Sh.oʻzi yashayotgan xonadonida sababsiz, turli bahonalar bilan uni ayovsiz urib, tan jarohati yetkazgani aks ettirilgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Ushbu holatga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati munosabat bildirdi.

“Samarqand shahar IIB tomonidan bugungi kunda M.ga himoya orderi berilgan va maxsus markazga farzandlari bilan birga joylashtirilgan. Qolaversa, markazda malakali psixologlar jalb qilinib, psixologik yordam berilyapti, shuningdek, M. toʻliq tibbiy koʻrikdan ham oʻtkazilgan. Barcha zarur dori vositalari olib berilib, sogʻligʻini tiklashi uchun yordam koʻrsatilmoqda. Hozirgi kunda jabrlanuvchi mazkur maxsus markazda 2 nafar farzandi bilan yashab kelmoqda.

Bundan tashqari, M. va uning ikki nafar farzandi Samarqand shahar IIB tomonidan himoyaga olinib, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatilmoqda.

Hozirda uning turmush oʻrtogʻi Sh. ga nisbatan Samarqand shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur holat Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan nazoratga olingan. Tegishli idoralarga ushbu masala qonuniy koʻrib chiqilishi yuzasidan koʻrsatmalar berilgan”, deyiladi Senat munosabatida.

Ulashish