Bizni oʻldirmagan har neki bizni kuchli qiladi — Said-Abdulaziz Yusupov

Jurnalist Abdukarim Mirzayev shaxsiy blogida Said-Abdulaziz Yusupov bilan suhbati tashkillashtirganini maʼlum qilib, intervyu anonsini ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga taqdim etdi.

Foto: Kruz.uz

Anonsdan bilish mumkinki, suhbatdosh Said-Abdulaziz Yusupovga hayotdan nimani yoʻqotsa, hayotda hamma narsani yoʻqotgan hisoblanadi kabi savol bilan yuzlanib, uning jamiyat, mafkura, oʻqituvchilar maqomi kabi masalalardagi fikrlari bilan qiziqqan.

“Korrespondent.uz” Yusupovning anonsdagi fikrlaridan iqtiboslar keltiradi:

“Onam menga bir gap aytdilarda, bir narsani yodingda tut, yiqilsang bor boʻying bilan yiqil, lekin tiz choʻkma, bolam, dedilar. Bor boʻy bilan yiqilish bu — oʻlim boʻladi”.

“Bir insonga qilgan haqsizlik adolatsizlik bu -millatga qilingan haqsizlik va adolatsizlik. Chunki millat shu millionlab insonlardan tashkil topgan”.

“Nuqta qoʻyish oson, undov qoʻyish ham oson, soʻroqni hamma qoʻyadi. Lekin uchta nuqtani har kim ham qoʻya olmaydi”.

Suhbat anonsida Abdukarim Mirzayevning vijdonlarni uygʻotish haqida ham fikrlari bildirilgan. Said-Abdulaziz Yusupov esa 14 oylik “safari” haqida gapiradi.

“Xabaringiz bor men 14 oy ”safar“da edim. Bugun kitob doʻkoniga kirdim. Yangi kitob topolmadim. Vijdon uygʻonishi uchun ham ilm kerak, yaʼni tushunish kerak, basirat ochilishi kerak. Basirat ochilishi uchun ham kitob kerak, ilm kerak”.

“Mandan xafa boʻlmasin sariq matbuotchilar. Biz sariq matbuot oʻqiydigan millatga aylanib qolyapmiz”, deya oʻz fikrlarini bildiradi jurnalist.

“Kim balandroq gapirsa orqasidan ergashib ketuvchilar koʻpaymoqda. Oʻylamaydi. “O” zoʻr gapirdi, “o” ketdi zoʻr gapirdi.

U toʻgʻri gapirdimi? Notoʻgʻri gapirdimi”.

“Ozodlikdan marhum qilingan odamni ichkarida yana xoʻrlikka mahkum qilinsa, yana ustiga xoʻrlansa, bu alohida yana bitta jazo boʻladi. Bitta jinoyat uchun ikkita jazo. Bu na mantiqqa toʻgʻri keladi, na qonunchilikka”.

“Sezarning bitta gapini yaxshi koʻraman.
Bizni oʻldirmagan har neki bizni kuchli qiladi, deydi.

Masalan, mandan soʻrasa safarga borib keldingiz. shuncha vaqt Vatandan uzoqda boʻldingiz, Vatanga munosabatingiz oʻzgardimi desa, men Vatan oshigʻi edim, millat oshigʻi edim va bu yoʻl bu ishqni kuchaytirdi, xolos”, deydi Yusupov.

Anonsning toʻliq variantini quyidagi havola orqali koʻrish mumkin. Yaqin orada jurnalist Abdukarim Mirzayev shaxsiy blogida suhbatning toʻliq varianti eʼlon qilinishi kutilmoqda.