Samara va Orenburgdan fuqarolarni poyezdlar orqali qaytarish boshlandi

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya – Qozogʻiston davlat chegarasidan oʻtkazish masalasi boʻyicha Respublika maxsus komissiyasi hamda Rossiya va Qozogʻiston tomoni bilan kelishuvga binoan, Oʻzbekiston fuqarolarini yoʻlovchi poyezdlari orqali olib kelish jarayoni boshlandi. Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xzimati xabar berdi.

Toshkent – Buzuluk – Toshkent yoʻnalishidagi poyezd 918 nafar yoʻlovchi bilan bugun tunda Oʻzbekiston tomon yoʻlga chiqadi.

Toshkent – Kinel – Toshkent yoʻnalishidagi poyezd esa 7-avgust kuni 918 nafar yoʻlovchi bilan tushdan soʻng Vatanimiz tomon harakatlanishni boshlaydi.

Poyezd chiptalari faqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Buzuluk va Kinel vokzallarida sotildi. Buzuluk — Toshkent yoʻnalishidagi chiptalar narxi 1 mln 287 ming soʻm (9259 rubl), Kinel — Toshkent – 1 mln 357 ming soʻm (9761 rubl).

Yoʻl davomida yoʻlovchi poyezdlar faqat texnik koʻrik uchun toʻxtatiladi, yaʼni stansiya-vokzallarda yoʻlovchilarning platformaga tushishiga ruxsat etilmaydi.

Poyezdlar Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinadi.

Ulashish