Oʻzbekistonda USAID va “Intilish” axborot-taʼlim markazi silga qarshi kurashda birlashmoqda

Bugun Amerika Qoʻshma Shtatlari Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) hamda nodavlat notijorat tashkilot sanalgan “Intilish” Respublika axborot-taʼlim markazi (RATM) Oʻzbekistonda silga qarshi kurash boʻyicha bir million AQSH dollarlik yangi loyihani ishga tushirilganini eʼlon qildi.

USAID ushbu yangi faoliyatning bir qismi sifatida “Intilish”ning silga qarshi faoliyati, ayniqsa, silning davolanishi qiyin boʻlgan koʻp dorilarga chidamli shakli bilan kurashishdagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi.

“Oʻzbekistonda sil kasalligini toʻxtatish” – bu uch yillik loyiha boʻlib, u yuzlab bolalar va ularning ota-onalari, shuningdek, aholining zaif qatlamlariga mansub boʻlgan boshqa bemorlarga foyda keltiradi. “Intilish” Toshkent shahridagi silga qarshi ikkita statsionar davolash muassasasidagi bolalar va ularning ota-onalariga yakka tartibda hamda guruhli maslahatlar berish, skrining oʻtkazish, tashxis qoʻyish va ijtimoiy yordamga yoʻnaltirish orqali psixologik jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi.

Ushbu yangi dastur doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, shuningdek, OIV/OITSga qarshi kurashish boʻyicha tayanch markazi, mahalla qoʻmitalari va Toshkent shahrining tuman hokimliklari qoshidagi ijtimoiy moslashuv markazlari “Intilish”ning asosiy hamkorlari boʻlib, ular aholining ijtimoiy zaif qatlamlari – sobiq mahbuslar, mehnat muhojirlari va giyohvand moddalarni qabul qiluvchilar orasida sil kasalligini aniqlash va davolash boʻyicha keng qamrovli xizmatlar bilan taʼminlaydi.

Oʻtgan oʻn yil mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi sil, jumladan, uning koʻp dorilarga chidamli shakllari bilan kasallangan insonlarga tashxis qoʻyish, ularni davolash va kuzatuv monitoringida sezilarli yutuqlarga erishdi. Oʻzbekiston hukumati sogʻliqni saqlash sohasida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirdi. Jumladan, 2019-2025-yillarga moʻljallangan sogʻliqni saqlashni yaxshilash milliy strategiyasi konsepsiyasi silga chalinish holatlarini kamaytirishga qaratilgan. Oʻzbekiston 2050-yilga kelib, sil kasalligini batamom tugatishni maqsad qilgan.

Ulashish