Tahlilchilar koronavirusga qarshi vaksina uchun “birinchi navbatda” turganlarni ma’lum qildi

AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi davlatlari koronavirusga qarshi potensial vaksinalarning 1,3 milliarddan ortiq dozasini yetkazib berish bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda Londondagi Airfinity tahlil kompaniyasiga tayanib, Bloomberg xabar berdi.

Foto: AP Photo

AQSh va Buyuk Britaniya Sanofi va GlaxoSmithKline Plc kompaniyalarining vaksinasini yetkazib berish bo‘yicha, Yaponiya esa Pfizer bilan shu turdagi shartnomani imzolagan. Bloomberg’ning yozishicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari ham vaksina hali foyda berishi isbotlanmagan bo‘lsa-da, xaridlarni amalga oshirish borasida “shijoat ko‘rsatmoqda”.

Tahlilchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, vaksinalarni yetkazib berishni ko‘paytirish imkoniyati hamda hali yopilmagan bitimlarni hisobga olgan holda, ushbu mamlakatlar o‘zlarini ta’minlagan dozalar miqdori 1,5 milliarddan ortishi mumkin. Shu sababli ular boshqa davlatlar vaksina uchun “so‘nggi navbatda” qolib ketishidan xavotirda.

Xalqaro tashkilotlar va bir qator davlatlar vaksinalarni barcha xarid qilishi mumkinligini va’da qilmoqda, biroq “dozalar dunyodagi 7,8 milliard odamga yetmasligi mumkin”. Rivojlanmagan davlatlar 2009-yilda cho‘chqa grippi pandemiyasidagi holat takrorlanishidan xavotirda. O‘shanda ko‘plab boy davlatlar vaksinalar yetkazib berilishda monopolga aylangan edi.

“Optimistik tomondan baholaganda ham vaksina butun dunyo uchun yetmaydi”, — deydi Airfinity ijrochi direktori Rasmus Bex Xansen. Bundan tashqari, aksariyat hollarda vaksina kishi boshiga bir emas, ikki dozada qilinishini ham hisobga olish kerak.

Avvalroq Rossiyada COVID-19’ga qarshi vaksinaning klinik sinovlari yakunlangani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, ommaviy emlash oktabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, dunyo bo‘ylab bir necha vaksinalar hozirda yakuniy sinov jarayonida. Xususan, AQShda Moderna kompaniyasi ishlab chiqargan vaksina 30 ming kishida yakuniy sinovdan o‘tkazilmoqda. Qozog‘istonda esa 1-avgust kuni COVID-19’ga qarshi birinchi emlash o‘tkazilgan.

Ulashish