Dilshod Ahatov Hindiston davlat vaziri bilan muzokara oʻtkazdi

Oʻzbekistonning Dehlidagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov Hindiston Kema tashuvlari vazirligi hamda Kimyoviy mahsulotlar va oʻgʻitlar vazirligi davlat vaziri Mansux Mandavi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

korrespondent 33
Foto: UzA

Muloqotda Hindiston tomoniga pandemiya oqibatlariga qarshi kurashish doirasida Oʻzbekistonga koʻrsatilgan tibbiy dori-darmon koʻrinishidagi insonparvarlik yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.

Mansux Mandavi xalqlarimiz oʻrtasidagi tarixiy yaqinlik va mustahkam doʻstlik, shuningdek, ikki mamlakat rahbarlari darajasida oʻrnatilgan yuqori darajadagi aloqalar oʻzaro munosabatlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqqanini taʼkidladi.

U 2018-yil fevral oyida Oʻzbekistonga tashrifini mamnuniyat bilan yodga oldi. Epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan soʻng Hindistonning farmatsevtika va kimyo sanoati rahbarlaridan iborat delegatsiya tarkibida Oʻzbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.

Suhbat chogʻida farmatsevtika va kimyo sohalarida Oʻzbekiston – Hindiston hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Davlat vaziri hind kompaniyalarining Oʻzbekistonga qiziqishi tobora ortib borayotganini, bu mamlakatimizda ishonchli sarmoyaviy muhit yaratilganidan dalolat berishini bildirdi. Mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti, qulay geografik joylashuv va boy resurslar, shuningdek, MDHning ulkan bozori hind kompaniyalari uchun istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga ragʻbat uygʻotayotgani qayd etildi.

Uchrashuvda oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida transport-logistika sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashildi.

Ulashish