Qashqadaryoda 3-avgustdan karantin cheklovlari yumshatiladi

Joriy yilning 3-avgustidan boshlab Qashqadaryo viloyatida bir qator cheklovlar bekor qilinishi kutilayotgan edi. Shunga koʻra, ayni paytda Qashqadaryo viloyati maxsus komissiyasining axboroti eʼlon qilindi.

Viloyatda koronavirus infeksiyasining tarqalishni oldini olish, pandemiyaning taʼsirini yumshatish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash komissiyaning 2020-yil 25-iyuldagi 293-sonli yigʻilish bayoni bilan joriy qilingan cheklovlarga 3-avgustdan boshlab tuman (shahar) hokimlari, hududiy maxsus komissiya raislariga quyidagi vakolatlar beriladi:

oʻz hududidagi buyum va qurilish mollari bozorlari, savdo, maishiy xizmat, umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga faoliyatlarini davom ettirishga individual tarzda ruxsat berish (oldindan tadbirkorga karantin talablarini tushuntirish va kafolatini olish orqali);

bunda dehqon, qurilish bozorlari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat savdo nuqtalari (supermarket va boshqa yirik doʻkonlar, buyum bozorlari), sartaroshxona va goʻzallik salonlariga kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash hamda har bir fuqaroning tana haroratini oʻlchashni tashkil qilgan holda ishlash kafolati olinadi hamda jiddiy nazorat qilinadi.

  • karantin talablari va cheklovlariga rioya etmayotgan tashkilot va muassasalar, savdo va maishiy xizmat obyektlarini belgilangan tartibda hududiy maxsus komissiya qarori asosida, toʻxtatish;
  • xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning shaxsiy himoya vositalari (tibbiy niqob va tibbiy qoʻlqop)dan foydalanishini va ijtimoiy masofani (2 metr) saqlagan holda xizmat koʻrsatish;
  • epedimiologik holatdan kelib chiqib, joriy qilingan karantin talablarini yumshatish (postlarni kamaytirish, aniq vaqt uchun cheklov oʻrnatish va boshqalar)ni bosqichma-bosqich amalga oshirish;
  • dezinfeksiya tadbirlariga birlamchi tibbiy bilimga ega boʻlgan ishsiz fuqarolarni, jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan shartnoma asosida ishga qabul qilishni tashkil qilish.

Shuningdek, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, viloyat Davlat soliq boshqarmasi, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi, tuman (shahar)lar hokimlari quyidagi nazorat ishlarini olib boradi:

tadbirkorlar tomonidan savdo majmualari va doʻkonlarda sanitariya-gigiyena talablarini buzgan sotuvchilarga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 54-moddasiga (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) muvofiq javobgarlikka tortilishi boʻyicha tushuntirish va targʻibot ishlarini olib borish;

oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalar, shuningdek, birinchi navbatdagi zarur mahsulotlarning narxlarini asossiz ravishda koʻtarilishining oldini olish choralarini koʻrish.