«200 mlrd so‘m hayit munosabati bilan, 380 mlrd so‘m esa karantin davrida daromadsiz qolgan aholini qo‘llab-quvvatlash uchun berilmoqda» – vazir o‘rinbosari

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Akmalxon Ortiqovning aytishicha, shu kecha-kunduzda aholiga tarqatilayotgan 200 mlrd so‘m hayit munosabati bilan, prezident farmoni bilan ajratilayotgan 380 mlrd so‘m esa karantin davrida daromadsiz qolgan aholini qo‘llab-quvvatlash uchun berilmoqda.

«Kecha-bugun joylarda tarqatilayotgan 200 mlrd so‘m Qurbon hayiti munosabati bilan yordamga muhtoj oilalarning holidan xabar olish uchun ajratilgan. «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi hisobidan tarqatilayotgan bu pullar 150 mingta oilani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Mazkur mablag‘ mutasaddi idoralar tomonidan shakllantirilgan ro‘yxat asosida naqd pul shaklida tarqatilmoqda.

Bundan tashqari, prezident ushbu farmoni bilan a’zolari 1,7 mln nafardan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratiladi va buning uchun 380 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Bu mablag‘ karantin davrida ishsiz, daromadsiz qolgan aholining tirikchiligini o‘tkazishi uchun berilmoqda.

Biz oziq-ovqat mahsulotlarining bir kunlik me’yoridan kelib chiqqan holda hisob-kitob qildik. Hisob-kitoblarimiz asosida jon boshiga 14 turdagi mahsulot uchun 220 ming so‘mdan to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘ldi. Bir oilada 5 kishi bo‘ladigan bo‘lsa, 1 mln 100 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi. Bu mablag‘niyam naqd pul shaklida berishni tashkil qilamiz, chunki ehtiyojmand oila, deylik, tomorqasida nimadir yetishtirayotgan bo‘lsa, biz mahsulot shaklida olib borgan kartoshka-piyozlarimiz unga kerak bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun naqd pul shaklida beriladigan 1,1 mln so‘mga oila uchun kerak bo‘lgan maqsadlar uchun ishlatadi», deya Akmalxon Ortiqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Qurbon hayiti arafasida ehtiyojmand oilalarga ajratilayotgan bir martalik moddiy yordam nima uchun naqd pul shaklida berilayotganiga to‘xtalgandi.

Eslatib o‘tamiz, Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan prezident farmoniga muvofiq moddiy ko‘makka muhtoj oilalarga respublika budjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilangan edi.