O‘zbekistonlik 144 nafar mehnat migranti charter reys bilan Rossiyaga ishga jo‘natildi

O‘zbekistonlik 144 nafar fuqaro mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Rossiyaning Amur viloyatiga jo‘natildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.

korrespondent 22
Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Ma’lum qilinishicha, rossiyalik ish beruvchilar va mas’ul tashkilotlar bilan kelishgan holda 31-iyul kuni 144 nafar o‘zbekistonlik Rossiyaning Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishlash uchun charter reys bilan uchib ketdi.

Ta’kidlanishicha, mazkur fuqarolar 14 kunlik karantindan so‘ng belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda qurilish obyektlarida ish boshlaydi.

Agentlikning xabar berishicha, iyun oyida 33 nafar O‘zbekiston fuqarosi yirik qurilish obyektlarida ishlash uchun Qozog‘istonning Sharqiy Qozog‘iston viloyatiga tashkillashtirilgan holda jo‘natilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyada ishlash vaqtida mehnat ta’tiliga chiqib, O‘zbekistonga qaytgan va koronavirus sababli ish joyiga qayta olmayotgan o‘zbekistonliklarning ikki guruhi ish joyiga qaytarilgandi. O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning murakkablashgani sababli Janubiy Koreyaga mehnat migrantlarini jo‘natish bo‘yicha iyul oyiga rejalashtirilgan ishlar kechiktirilgandi.

Avvalroq Rossiyaning Amur viloyatida gazni qayta ishlash zavodida ishlayotgan o‘zbekistonlik ishchilar uch oy davomida ish haqi olmagani uchun tartibsizlik yuzaga kelgandi. Mazkur tartibsizlikda qatnashgan 11 kishi qo‘lga olingani ma’lum qilingandi.

Ulashish