Qirg‘izistondagi qamoqxonada vafot etgan inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarov O‘zbekistonda dafn etiladi

Qirg‘izistondagi inson huquqlari himoyachilaridan biri Azimjon Asqarov 69 yoshida Chuy viloyati Jani-Jer qishlog‘ida joylashgan 19-koloniyada vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Foto: Sof.uz

“Kun.uz”ning O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar berishicha, asli o‘zbek Azimjon Asqarovning jasadi O‘zbekistonda dafn etiladi.

Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Azimjon Asqarovning rafiqasi, o‘g‘li va boshqa oila a’zolarining uning O‘zbekiston hududida dafn etilishi haqidagi murojaatiga binoan Qirg‘iziston tomoni bilan tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazilgan.

O‘zaro muzokaralar natijasida ushbu murojaatni ko‘rib chiqish va ularning talablarini qanoatlantirish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Azimjon Asqarov — Qirg‘izistondagi eng mashhur inson huquqlari himoyachilaridan biri, u 10 yildan buyon qamoqxonada edi. U 2010-yil 15-iyunda Qirg‘iziston janubidagi millatlararo ziddiyat tufayli ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilganlik va militsiya xodimining o‘ldirilishida ishtirok etganlikda ayblanib, hibsga olingan. 2010-yil 15-sentabrda sud Asqarovni bir umrga ozodlikdan mahrum qilgan, biroq u o‘z aybini tan olmagandi.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Asqarovga nisbatan kuch ishlatilgani, zo‘ravonlik qilingani, inson huquqlari himoyachisiga nisbatan sud ishi adolatsiz tarzda ko‘rib chiqilganini qayd etgan. Inson huquqlari himoyachilari Asqarovga nisbatan jazoning bu qadar og‘ir bo‘lganini uning bevosita militsiya tomonidan fuqarolarga nisbatan qilingan zo‘ravonliklar yuzasidan jurnalistik surishtiruvlar o‘tkazgani va ularni fosh etgani bilan bog‘lagan.

2016-yilda BMTning inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Qirg‘iziston hukumatidan Asqarovga nisbatan qo‘llanilgan jazoni bekor qilish va uni garov evaziga ozod etishga chaqirgan, ammo ushbu masala ochiq qolgan edi.