Shohrux G‘iyosov: Majburiy “plan” ish uslubidan umuman voz kechganmiz

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov majburiy “plan” ish uslubidan butkul voz kechilganini aytdi.

Foto: Xs.uz

Aholidan kelib tushgan “Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimlarining qiyin ahvolga tushib qolganliklari, oyliklari yetmayotganligi, rahbarlar tomonidan majburiy ‘plan’ qo‘yilishi va hokazo qiyinchiliklar haqida ovozli yozuvlar tarqalmoqda. Shunga izoh bersangiz”, degan savoliga G‘iyosov quyidagicha javob bergan:

“Majburiy plan masalasiga keladigan bo‘lsak, bunday nomaqbul ish uslubidan umuman qutulganimiz, hozirda xodimlarimizga bunday talablar qo‘yilmaydi. Agar kimda bu haqda ma’lumot bo‘lsa, 1102 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin, biz ijrochiga ham rahbariga ham qa’tiy chora ko‘ramiz. Shaxsning sir saqlanishi kafolatlanadi”.

Shuningdek, Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi bugungi kunda ichki ishlar organlariga qo‘yilayotgan yuklama ancha oshgani, ammo xodimlar har qanday vaziyatda oldilariga qo‘yilgan vazifani bajarishini bildirdi.

“Tan olishimiz kerak, haqiqatda ham pandemiya sharoitida xodimlarimizni ijtimoiy muhofaza va himoyasi bilan bog‘liq masalalarda jiddiy kamchiliklar borligi ko‘rindi. Biz hozir bu masala ustida ishlayapmiz, ular tizimli ravishda hal etiladi”, — deydi G‘iyosov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Olmazor tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida bo‘lib o‘tgan majlisdan yozib olingani taxmin qilingan ovozli xabar tarqalgani va ovozning Olmazor tumani IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi maxsus topshiriqlar bo‘yicha inspektori podpolkovnik Farrux Xolovga tegishli ekani haqida xabar berilgandi. Shundan so‘ng Olmazor tumani IIO FMB xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi belgilanganini ma’lum qilgan. Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov esa iyun oyida “Kun.uz”ga bergan intervyusida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari misolida ichki ishlar organlari xodimlaridan “Bugun nechta protokol qilding?” deb so‘rash odatiga chek qo‘yilganini aytgandi.