AQSH Oʻzbekistonga qiymati 902 ming dollarga teng tibbiyot vositalari va laboratoriya jihozlarini hadya qildi

28-iyul kuni AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktikasi markazlari (CDC) Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligiga qiymati 902 000 dollarga teng tibbiyot vositalari va laboratoriya jihozlarini hadya qildi. Taqdim etilgan vositalar zamonaviy polimeraz zanjir reaksiyasi uskunalaridan foydalangan holda 25 000 ta COVID-19 testlarini oʻtkazishga imkon beradi. Ushbu texnologiya odam organizmida virusli DNK mavjudligini kasallik belgilari paydo boʻlishidan avval aniqlaydi, bu esa sogʻliqni saqlash muassasalariga bemorni juda erta izolyatsiya qilish hamda pandemiyani tugatish uchun muhim boʻlgan yuqish zanjirini uzishga imkon beradi.

Foto: AQSH Elchixonasi matbuot xizmati

“COVID-19 pandemiyasi biz uchun umumiy dushman va umumiy javobgarlikdir. Ushbu yordam uzoq vaqtdan buyon AQSH hukumatining Oʻzbekistonning jamoatchilik sogʻligʻini saqlash yoʻlidagi tahdidlarga qarshi kurashida yordam berishga sodiqligiga asoslangan. Ushbu sheriklik epidemiya boshlanishidan ancha oldin boshlangan va u tugaganidan keyin ham davom etadi”,- dedi AQSH muvaqqat ishlar vakili Alan Melser.

Mazkur yordam Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligini koronavirusga qarshi kurashda qoʻllab-quvvatlash uchun CDC eʼlon qilgan 2,07 million dollarning bir qismi hisoblanadi. Kasallik avj olar ekan, CDC Oʻzbekistonga shoshilinchi tibbiy yordam markazlari tashkil etish, chegaradan oʻtish joylarida tibbiy koʻrikni yaxshilash, klinik va laboratoriya nazorati, maʼlumotlar ustida ishlash va kontaktlar kuzatuvi boʻyicha onlayn maslahatlar ham berib bordi.

AQSH hukumati Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali koronavirusga qarshi kurash uchun tibbiy, laboratoriya va texnik koʻmak sifatida yana qoʻshimcha qariyb 4,2 million dollar taqdim etdi. Bugungi kungacha AQSHning bu borada Oʻzbekistonga koʻrsatgan umumiy yordami 6 million dollardan oshdi.