Qoraqalpog‘istondagi uchta OAV bosh muharrirlari kechasi prokuraturaga chaqirildi

oʻqorgʻi Kenges raisi va senator Musa Yerniyazov oʻlimi haqidagi xabarni perepost qilishgani uchun Qoraqalpogʻistondagi uchta OAV Makan.uz, Kruz.uz va Kar24.uz bosh muharrirlari kechasi prokuraturaga chaqirilgan. “Gazeta.uz” nashri ushbu sayt rahbarlari bilan bogʻlanib vaziyatga oydinlik kiritgan.

25 iyul kuni Telegram kanallarda Repost.uz saytida Musa Yerniyazov oʻlimi haqida chiqarilgan xabarlar tarqala boshladi. Xabar 20 iyul sanasi bilan chiqarilgan va sayt bosh sahifasida yoʻq edi. Yangilikni bir nechta blogerlar oʻz kanallarida eʼlon qilishdi, hamda Makan.uz va Kruz.uz tahririyatlari Telegram kanallarida ushbu xabar chiqarildi. Kar24.uz oʻz kanalida xabarni inkor qilgan.

Bir oz vaqtdan keyin Repost.uz sayt buzilganligi sababli ushbu notoʻgʻri xabar joylashtirilgani haqida raddiya berdi. Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi va Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi ham senator oʻlimi haqidagi xabarlarni inkor etdi.

“Bizda Musa Yerniyazov kuniga 2−3 marta „oʻladi“”

Lolagul Qallixanova / Gazeta.uz

Makan.uz taʼsischisi va bosh muharriri Lolagul Qallixanova “Gazeta.uz” muxbiriga Musa Yerniyazov oʻlimi haqidagi Repost.uz xabarini tanishidan olganligini aytdi.

“Bizda 5 iyuldan boshlab Musa Yerniyazov kuniga 2−3 marta „oʻladi“. Oʻzi Qoraqalpogʻistondagi koronavirus bilan bogʻliq oʻlimlar haqida Toshkentda xabar berishadi, chunki bizda jurnalistlar uchun maʼlumot yoʻq. Men bu tahririyat xabariga ishondim, ularda informator bordir degan oʻyga bordim, xabarni oʻz kanalimda eʼlon qilib, oxirida manbani koʻrsatdim”, — deydi u.

“Keyin men Repost.uz saytidagi xabar 20 iyuldan ekanligiga eʼtibor berdim. Sanani koʻrdim, skrinshot qildim va chiqardim. Matnda men Joʻqorgʻi Kenges matbuot xizmatini aniqlik kiritishni ham soʻraganman”, — taʼkidlaydi Lolagul Kallixanova

Telegram-bot orqali xabar oʻchirilgani haqida maʼlumot kelganda, u yana skrinshot qiladi va oʻz kanalida eʼlon qiladi. Tez orada Repost.uz va Joʻqorgʻi Kengesdan raddiya chiqdi.

Jurnalist so‘zlariga ko‘ra u yotishidan oldin Kruz.uz bosh muharriri Iskandar Yusupov unga telefon qilgan, va uning uyiga odamlar kelib, Musa Yerniyazov ishi bo‘yicha bo‘linmaga o‘tishni so‘rashgan. «Menga bundan oldin ikkita notanish nomerdan telefon qilishgan edi, men kech bo‘lgani uchun javob bermadim. Suhbat davomida u ketayotganligini aytdi. Men ular Nukus shahar militsiya bo‘limiga borishyapti deb o‘yladim, va ertaga borishga qaror qilib, uxlashga yotmoqchi bo‘ldim», — dedi Lolagul Kallыxanova.

Makan.uz rahbari uni prokuraturaga olib ketish uchun uyiga huquqni muhofaza qilish organlarining 6 ta avtomobili kelganini aytdi.

«Iskandar bilan gaplashganimdan 10 daqiqa o‘tmay, uyimiz oldida 6 ta avtomobil paydo bo‘ldi — Damas va beshta yengil mashina. Men qo‘rqmasligim uchun xodimlar orasida qiz ham bor edi, shekilli. Mashinalarda yashil, ko‘k va fuqarolik formalarida ko‘plab erkaklar bor edi. Men o‘z xonamga kiyinish uchun o‘tdim. Shunda menga tanish bloger telefon qilib qoldi. Men unga meni mashinalarda olib ketishmoqchi bo‘layotganliklarini aytdim. Men juda qo‘rqib qolgandim, chunki bundan oldin hayotimda bunaqa narsaga duch kelmaganman. Keyin ichki ishlar organlari va prokuratura xodimlari uyimizga oyoq kiyimida bostirib kirishdi, xonamga kelishdi va fuqarolik kiyimidagi qiz qo‘limdan telefonimni yulib oldi», — aytib beradi u.

Jurnalist xodimlardan hech biri o‘zini tanishtirmaganinika va guvohnoma ko‘rsatmaganini aytdi. Lekin uni prokuraturaga olib borish uchun hech kim kuch ishlatmagan (telefonni olib qo‘yishdan tashqari). Uning so‘zlariga ko‘ra, uni Aziz ismli tergovchi so‘roq qilgan va u ma’lumotni nima uchun aniqlashtirmaganini so‘ragan.

Lolagul Qallixanova 5 iyul kuni Makan.uz Jo‘qorg‘i Kenges matbuot kotibi Bayram Aytmuratovning Musa Yerniyazov koronavirus bilan og‘riganligi haqidagi raddiyasini berganini aytdi. Lekin 17 iyul kuni prezidentning o‘zi videoselektorda Musa Yerniyazov ahvoli haqida ma’lum qildi, kechga yaqin esa Sog‘liqni saqlash vazirligi u koronavirus bilan zararlanganini tasdiqlaydi (Gazeta.uz 2 iyul kuni bu xabarni tasdiqlash uchun harakat qilgan, lekin koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha Nukus shtabi, Koraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi va Jo‘qorg‘i Kengesda ushbu xabar haqiqatga yaqin emas deyilgan).

«Shunda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot kotibiga ishonchim qolmadi. Feyk xabar feykligicha qoldi — men o‘quvchilarim oldida diskreditatsiya qilindim… Men Qoraqalpog‘istonda koronavirus bilan bog‘liq o‘limlar haqida ko‘p yangilik berdim. Menga turli xil manbalardan akasi, opasi, turmush o‘rtog‘i, tez yordam haydovchisining o‘limi haqidagi xabarlar kelib tushadi. Rahbarlar ham vafot etyapti. Yaqinda Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasi direktori Baxыtbek Yelmanov ham koronavirusdan vafot etdi. Koraqalpog‘iston vazirlar kengashi bu haqdagi xabarni yashirdi», — deydi u.

Jurnalist Qoraqalpog‘istonda ma’lumot tarqatish «qattiq cheklanganini» ta’kidladi.

«Bizda shuncha noto‘g‘ri xabar ko‘pki, ular qoraqalpoq tilida chiqqani uchun, o‘zbek tilidagi o‘quvchilar buni bilmaydi. Qoraqalpog‘istonda axborot juda cheklangan. Koronavirusdan o‘limlar bo‘yicha rasmiy statistikaga ham ishonish kerak emas. Qo‘shnimizning eri qabristonda go‘rkov bo‘lib ishlaydi. Uning ishida tushlik qilish uchun vaqt yo‘q. COVID-19 dan ko‘plab odamlar o‘lyapti, lekin hammaga pnevmoniya tashxisi yozishyapti. Shuning uchun men buni matbuot xizmatidan aniqlashtirib o‘tirmadim», — ta’kidladi u.

Lolagul Qallixanova manbasi Repost.uz hisoblangan xabarni e’lon qilgani uchun javob berishi kerakmas deb hisoblaydi.

«Mendan telefonimni ochishni so‘rashdi va ikki nafar guvoh oldida uni konvertga joylashdi. Nega mening telefonimni olib qo‘ymoqchi bo‘lishdi? Men Musa Yerniyazov o‘limi haqidagi xabarni Telegramdan oldim. Meni qo‘lga olishganida, boshqa bloger Makan.uz jurnalisti va boshqalarni prokuraturaga olib ketishdi deya xabar berdi. Shundan so‘ng menga xabarni yuborgan odam uni o‘chirdi. Men ma’lumotni Repost.uz saytidagi yangilikni ochib berganligimni aytdim. Lekin u Telegram ning ichki brauzeridan ochilardi, kirish tarixi saqlanadigan Google Chrome dan emas. Shuning uchun Telegram tarixida bu saqlanmagan. Shu sababli mening telefonimni tushunadigan mutaxassis tekshirishi uchun olib qo‘yishdi», — deydi bosh muharrir.

U hamkasblarini prokuraturada ko‘rmaganligini, lekin 28 yoki 29-xonada so‘roq qilingan Iskandar Yusupovning, Kar24.uzdan bo‘lgan 27-xonadagi Kumar Begniyazovaning ovozlarini eshitganligini aytdi. U bilan suhbat 23−24 xonada bo‘lib o‘tgan.

«Men bularni bloknotimga yozib qo‘ydim. Lekin mendan uni tortib olishdi va o‘sha varaqlarni yulib tashlashdi, ketayotganimda bloknotni qaytarib berishdi», — ta’kidlaydi u.

Jurnalist prokuraturaga uning keyingi xabarlari o‘chirilmasligini ma’lum qiladi, chunki Makan.uz rasman ro‘yxatdan o‘tgan va ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga ega. «Ular mening ishimga aralashishga haqqi yo‘q», — dedi u.

Lolagul Qallixanova uning telefonini olib qo‘yishdan sabab, COVID-19 bemorlarining o‘limi haqidagi xabarlarni yuborgan informatorlarni topish uchun olib qo‘yilgan deb gumon qiladi.

«Shuning uchun telefonni qo‘limdan yulib olishgandir, men ularning kontaktlarini o‘chirishmdan oldin», — deydi jurnalist.

Makan.uz rahbari prokuraturaga ariza bermoqchi emas, chunki «uni mahalliy kanalga chiqarib, uzr so‘rashga majbur qilishlarini» xohlamaydi.

«Men ular oldida unchalik past ketmoqchimasman… Men siyosatga qarshi borayotgan oppozitsioner emasmanku. Men baribir davlat organlari bilan ishlashim kerak… Men hamma narsaga tayyorman, chunki men haq yo‘ldan borayapman, nima bo‘lishi mumkinligini bilaman», — dedi u.

Jurnalist prokuraturada to‘rt soat o‘tkazib, ertalab 4:00da uyga qaytganini aytdi.

«Mendan telefon va noutbukni olib kelishni so‘rashdi, qarshilik ko‘rsatmasligimni aytishdi»

Kruz.uz bosh muharriri Iskandar Yusupov «Gazeta.uz» bilan suhbatda Musa Yerniyazov o‘limi haqidagi xabarni birinchi bo‘lib Makan.uz Telegram kanali Repost.uz ga havola ko‘rsatib chiqarganini aytdi. Jurnalist ham ushbu xabarni berishga qaror qilgan — u xabar 20 iyuldan ekanini ko‘rsatgan va Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmatidan aniqlik kiritishni matnda so‘ragan.

«Chunki Repost.uz va Makan.uz xabarlaridan keyin mish-mishlar boshlandi. Keyin ko‘plar bizga savol bilan chiqishni boshladi. Keyinroq biz Musa Yerniyazov tirikligi haqida xabarni berdik, Kun.uz jurnalisti Alisher Ro‘zioxunov Telegram kanaliga asoslanib. Jo‘qorg‘i Kenges matbuot kotibi bilan ham gaplashdim, u ham xabarni rad etdi. Keyin Repost.uz xakerlar hujumiga uchraganini ma’lum qildi. Biz buni ham e’lon qildik», — deydi u.

Foto: Gazeta.uz

Iskandar Yusupov ham yarim tundan keyin prokuraturaga chaqirilgan.

«Bizga IIV xodimi deb o‘zini tanishtirgan odam telefon qildi va xabarlar yuzasidan hammani prokuraturaga yig‘ishayotganini ma’lum qildi. Meni mashinada olib ketishlarini aytishdi. Men chiqdim va yarim tundan keyin meni olib ketishdi. Mendan nega bunaqa qilganimizni so‘rashdi. Biz aniqlik kiritishni so‘rab, xabarni berganimizni aytdim. Kechasi soat birga yaqin mendan tushuntirish xati olishdi», — ta’kidlaydi jurnalist.

Kruz.uz rahbari prokuraturada 3,5 soat bo‘lganini va uyga soat 3:30 larda qaytganini aytadi.

«Men telefon va noutbuknim uyda qoldirgan edim. Ularni olib kelishimni, bu ularga kerakligini va qarshilik ko‘rsatmasligimni so‘rashdi. Men uyga texnika uchun borib keldim. Noutbukda nima bo‘lsa, telefonda ham borligini aytib, faqat telefonni olib qo‘yishlarini aytdim. Lekin ular noutbukni ham olib qo‘yishlarini aytishdi. Faqat menda shunday bo‘ldi — Makan.uz va Kar24.uz da faqat telefonlarini olib qo‘yishdi», — ta’kidlaydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, telefonni guvohlar oldida konvertga qo‘yishgan va uning oldida ochishga va’da berishgan.

«Menga telefonim konvertdaligini, mendan tashqari hech kim uni ochmasligini va mening oldimda uni tekshirishlarini aytishdi. Lekin kompyuter uchun konvert berishmadi, shunday qolaversin deyishdi. Unga qandaydir ma’lumot kirgizmasliklariga kim kafolat bera oladi? Men ularga ishonmasligimni va kompyuterni olishimni aytdim. Keyin ular qandaydir qog‘oz topib, skotch bilan o‘rab chiqishdi. Ular telefon va noutbuk faqat mening oldimda ochilishiga va’da berishdi. Qo‘limga hech qanday hujjat yoki ma’lumotnoma berishmadi, lekin bularning barchasi guvohlar oldida rasmiylashtirilayotganini aytishdi», — deydi Iskandar Yusupov.

Jurnalist birinchi marta prokuraturaga chaqirilganini, bundan oldin bunaqa bo‘lmaganini aytdi: «Oldin bunaqasi bo‘lmagan. Aslida soat 22:00 dan 6:00 gacha so‘roq uchun chaqirishmasligi kerak».

«Biz xabarni chiqarmadik, lekin bizni chaqirishgani g‘alati bo‘ldi»

Kar24.uz bosh muharriri Kumar Begniyazova Musa Yerniyazov o‘limi haqida tarqatilgan xabarni olganini, lekin Repost.uz yangliligini bermaganligini aytdi. Jurnalist ma’lumotni Jo‘qorg‘i Kenges matbuot kotibidan aniqlashtirgan va raddiya olgan, keyin esa O‘zbekiston SSV va Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmatlari rasmiy izohlari bo‘lgan.

«Keyin 00:30 atrofida prokuraturadan telefon qilishdi va bir nechta savollari borligini, tushuntirish xati yozish kerakligini aytishdi. Men yaxshi dedim, chunki Musa Yerniyazov o‘limi haqida yozmagan edim va bunga javob bera olishimni bilardim. Prokuraturaga shaxsiy mashinamda hamrohlikda bordim, meni olib ketishmadi. Tergovchi savol berib, javoblarni kompyuterga kirgizdi. Keyin ikki nafar guvoh oldida protokol tuzishdi. Men shovqin ko‘tardim, chunki biz ayblanuvchimi yoki gumonlanuvchimi, kimnidir o‘ldirdikmi tushunmas edim. Keyin telefonni tekshirishlari kerakligini tushuntirishdi. Guvohlar ishtirokida saytni ham tekshirishdi. Soat 3:00 atrofida men uyga qaytdim», — deydi u.

Kumar Begniyazova uning telefonini olib qo‘yishmaganini aytdi.

«Meni kechasi chaqirganliklariga jahlim chiqdi va bolam bilan borishimga to‘g‘ri keldi. Biz xabarni e’lon qilmagan bo‘lsak ham, bizni chaqirishganligi g‘alati bo‘ladi», — deydi jurnalist.

U Kar24.uz ni Musa Yerniyazov o‘limi haqida xabar bergan boshqa Telegram kanal «Qaraqalpaq 24» bilan adashtirgan bo‘lishlari mumkinligini aytdi.

Kumar Begniyazova prokuraturaga so‘roq uchun yarim tundan keyin nega chaqirishganini va chaqirishganliklari sababini tushuntirishmaganini, hamda Repost.uz ning noto‘g‘ri xabari uchun boshqalar nega javobgar bo‘lishi kerakligini huquqni muhofaza qilish organlaridan tushuntirib berishni talab qilmoqda. Bundan tashqari, u Repost.uz haqiqatda ham xakerlik hujumiga uchragan yoki yo‘qligini tekshirishni so‘radi.

Prokuratura

Qoraqalpog‘iston prokuraturasi tahririyatlar muharrirlari prokuraturaga chaqirilganini tasdiqladi.

«Bilasizki, har qanday yolg‘on xabar tarqatish uchun javobgarlik bor. Yolg‘on xabarni qoraqalpoq tiliga o‘girib, Telegram kanallarda joylagan saytlar muharrirlari prokuraturaga chaqirildi. Ular bilan profilaktik suhbat olib borildi», — deyiladi xabarda.

Idora tergov ishlari borayotganini ma’lum qildi.

«Gazeta.uz» ushbu vaziyat yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan izoh so‘radi.

Maqola yozilayotgan vaqtda Makan.uz bloger Shuxrat Saidaxmadov ham Nukus IIBsiga Musa Yerniyazov o‘limiga bog‘liq xabarlar uchun 26 iyul kuni soat 18:00 atrofida chaqirilganini ma’lum qildi. Uning ham telefon va noutbuklari olib qo‘yilgan. Bloger tushuntirish xati yozgan.

Prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida masalani o‘rganishayotganliklarini ma’lum qilishdi.